Jahon | 10:52
2996
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy frontdagi Pokrovsk va Kupyansk shaharlariga tashrif buyurdi

Ukraina prezidenti Donetsk oblastini himoya qilayotgan harbiylarga mukofotlarni topshirdi, yangi mudofaa liniyalari qurilishi jarayoni bilan tanishdi va Kupyanskdagi xavfsizlik bo‘yicha hisobotni tingladi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 18 noyabr, dushanba kuni Donetsk oblastining Pokrovsk va Xarkiv oblastining Kupyansk shaharlariga tashrif buyurdi. Pokrovskni himoya qilayotgan 25-alohida havo-desant brigadasi joylashgan joyga tashrifi haqida u Telegramʼda: «Bu frontning keskin qismi», deb yozdi.

U brigadaning to‘rt nafar askariga «Harbiy xizmatlar xochi» ordenini topshirdi. «Faqat sizning mustahkamligingiz tufayli Sharq Rossiya Federatsiyasi tomonidan to‘liq bosib olinmagan», — dedi davlat rahbari Telegramʼda e’lon qilingan videoda.

Zelenskiy brigada komandiri Yevgeniy Lasiychukning Pokrovskdagi xavfsizlik holati haqidagi hisobotini tingladi, shuningdek, hududda yangi mudofaa liniyalari qurilishining borishi bilan tanishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilgan narsalarning aksariyati allaqachon jihozlangan.

Ukraina va Rossiya qo‘shinlari o‘rtasidagi front chizig‘i urushdan oldin 60 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan konchilar shaharchasidan sakkiz kilometr janubi-sharqda joylashgan. Fevral oyida rus qo‘shinlari Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shaharchasini egallab olishdi va shundan so‘ng asta-sekin Pokrovsk tomon oldinga siljishdi.

Boshqa bir videoda Zelenskiy Kupyanskka safari haqida xabar berdi. Rossiya qo‘shinlari shahardan bir necha kilometr shimoli-sharqda joylashgan. U 2022 yil sentabr oyi o‘rtalarida Rossiyaning olti oydan ortiq okkupatsiyasidan so‘ng ozod qilindi, ammo front yana yaqinlashmoqda. Bir necha kun oldin shaharga rus zirhli texnikalarining kichik kolonnasi kirib kelgan, ammo yo‘q qilingan.

Mavzuga oid