G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azodagi zulm miqyosi insonni hayratga soladi: isroillik snayperlar hattoki bolalarni ham ayashmayapti. Bu britaniyalik jarrohning so‘zlari.
G‘azoda bir oy ishlagan britaniyalik jarrohning xabar berishicha, u boshidan o‘q yeb jarohatlangan bir necha bolani davolagan va ularning barchasi isroillik snayperlar tomonidan «maqsadli nishonga olingan».
«Biz snayper o‘qidan jarohatlangan — faqat boshiga bir marta o‘q uzilgan ko‘plab bolalarni ko‘rdik. Ularga isroillik snayperlar maqsadli o‘q uzgani ko‘rinib turgandi, bunaqa voqealar har kuni bo‘lib turgandi», — degan Nizom Mamude Buyuk Britaniya jamoat palatasining xalqaro rivojlanish bo‘yicha qo‘mitasida G‘azodagi humanitar vaziyat bo‘yicha chiqish qila turib.
Mamude, shuningdek, G‘azodagi «Nosir» shifoxonasida davolangan bemorlarning 60-70 foizi ayollar va yosh bolalar bo‘lgani, faoliyati davomida hali bunaqasiga duch kelmaganini ham ta’kidlagan.
«Men jahonning ko‘plab qaynoq nuqtalarida, jumladan Ruandadagi genotsid chog‘ida ham ishlaganman. Lekin bunaqasiga duch kelmagan edim», — degan u.
Netanyahuni hibsga olishga order
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olish uchun order berdi. Shuningdek, Hamas rahbariyati vakillariga ham order berilgan.
Sud Netanyahu va Gallantni harbiy jinoyatlarga qo‘l urganlik, chunonchi ocharchilikdan urush vositasi sifatida foydalanganlik, tinch aholiga qasddan hujum qilganlikda ayblagan.
Netanyahu va Gallant 1998 yilda qabul qilingan Rim statutini imzolagan har qanday davlatga borsa hibsga olinish tahdidi ostida qoldi.
Turkiya Netayanhuni hibsga olish to‘g‘risidagi orderni olqishladi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi vakili Umir Chelik har ikki yahudiy siyosatchisi «ertami-kechmi genotsid uchun javob berishi»ni ta’kidladi.
«Bu qarorni antisemitizm deb atash – genotsidni yashirishga urinishdir. Bu qaror insoniyat qadriyatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan», — degan Chelik.
Yevropa ittifoqining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Xalqaro jinoyat sudining Netanyahu va Gallantni hibsga olish bo‘yicha bergan orderi Isroil tomoni ta’kidlanayotganidek «siyosiy» masala emasligini aytgan.
Borrelga ko‘ra, Haaga sudi qarorlari hurmat qilinishi va bajarilishi lozim.
«Yaqin Sharqda bo‘layotgan voqealarni tasvirlashga til ojiz. G‘azodagi qurbonlarning 70 foizi ayollar va yosh bolalar, men yahudiy manzilgohlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilmaslikka chaqiraman», degan edi Borrel avvalroq.
Fransiya ham Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroq Netanyahu Fransiyaga kelsa hibsga olinishi haqida aniq javob bermadi.
Fransiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Kristof Lemuan matbuot anjumanida «bu yuridik jihatdan murakkab savol, shu sabab bugun men bu savolga sharh bermoqchi emasman», deb javob bergan.
Shveytsariya agar Netanyahu bu mamlakatga kelsa, albatta hibsga olinib, Haaga sudiga topshirilishini ma’lum qildi.
Ukrainaga zarba bergan raketa
Rossiya ilk marta Ukrainaga eng qudratli raketa bilan zarba berdi. Avvaliga «Rubej» qit’alararo ballistik raketasi deyilgan, keyinroq Vladimir Putin tomonidan o‘rta masofali yangi «Oreshnik» raketasi deb atalgan qurol bilan Dnipro shahriga zarba berilgan.
Bu raketa bilan bir qatorda «Kinjal» gipertovushli raketasi va yettita X-101B qanotli raketalari uchirilgan. Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari bu raketalarning oltitasini urib tushirgan.
«Rubej» — Rossiyaning 2006 yildan buyon o‘rta va yaqin masofadagi raketalar to‘g‘risidagi shartnomani buzgan holda olib borgan maxfiy ishlanmasi mahsuli. Raketa yadroviy kallak ham tashishi mumkin, uning aniq xarakteristikalari noma’lum.
Zarba natijasida ikki kishi jabrlangan. Sanoat korxonasi, imkoniyati cheklangan insonlar reabilitatsiya markazi, turar joylar va garajlar talafot ko‘rgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu qit’alararo ballistik raketa bo‘lganini tasdiqlagan.
«Bugun Rossiya yangi raketasi zarba berdi. Tezligi, uchish balandligiga ko‘ra u qit’alararo ballistik raketa. Hozir ekspertiza davom etmoqda. Putin Ukrainadan poligon sifatida foydalanayotgani ko‘rinib turibdi», — degan Zelenskiy.
Ukraina qurolli kuchlari ham 21 noyabr kuni Dniproga qit’alararo ballistik raketa bilan zarba berganini xabar berdi. Bu urush sharoitida bunday qudratli qurol ishga solingan ilk holat. Qit’alararo ballistik raketa 5 ming km masofaga yadroviy kallakni eltishi ham mumkin.
Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari Britaniyaning Storm Shadow qanotli raketalari bilan Rossiyaning Kursk oblastidagi qo‘mondonlik punktiga zarba bergan edi. Kamida 18 kishi halok bo‘lgani va 33 kishi yaralangani xabar qilinmoqda.
Yaralanganlar orasida KXDRning uch nafar harbiysi bor. Jabrlanganlarning aksariyati Janubiy va Sharqiy harbiy okrug ofitserlari. Zarba chog‘ida qo‘mondonlik punktida Leningrad harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-leytenant Solodchuk ham bo‘lgan. Uning ahvoli haqida ma’lumot yo‘q.
Vayronalar tozalanayotganda yana bir o‘q-dori portlagan va 13 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida polk shtabi boshlig‘i o‘rinbosari bor.
Putinning tahdidli chiqishi
Kurstdagi qo‘mondonlik punktiga zarbaga javoban Ukrainada qit’alararo ballistik raketa ishlatilganidan so‘ng Rossiya prezidenti shoshilinch murojaat bilan chiqish qildi.
19 noyabr kuni Ukraina 6 ta ATACMS raketalari, 21 noyabr kuni esa Storm Shadow raketalari bilan Bryansk va Kursk oblastlariga hujum qildi, deb o‘z gapini boshlagan Putin.
«Bu zarbalardan so‘ng Ukrainadagi qarama-qarshilik global xarakter elementlariga ega bo‘ldi. Bunga javoban Rossiya kuchlari Dneprdagi Yujmash zavodiga yadroviy kallaksiz gipertovushli «Oreshnik» ballistik raketasi, Ukraina mudofaa sanoati kompleksiga qarata kombinatsiyalashgan zarbalarni berdi», — dedi Putin o‘z chiqishida.
«Biz obektlarimizga qarshi o‘z qurollaridan foydalanishga ruxsat berayotgan davlatlarning harbiy obektlariga qarshi o‘z qurollarimizni ishga tushirishga o‘zimizni haqli deb hisoblaymiz», — dedi Rossiya prezidenti.
«Zaruriyat tug‘ilganda javob chorasi sifatida Ukraina hududida «Oreshnik» kabi tizimlardan foydalanar ekanmiz, biz avvaldan tinch aholi va u yerda ishlayotgan do‘stona davlatlar fuqarolarni xavfli zonalarni tark etishdan ogohlantiramiz», — dedi Putin.
Vladimir Putin Rossiya emas, aynan AQSh xalqaro xavfsizlik tizimini buzganini ta’kidladi.
«Biz har qanday voqealar rivojiga tayyormiz. Kimdir bunga shubha qilsa, bekor qiladi. Javob har doim bo‘ladi», — deb o‘z so‘zini nihoyalagan Putin.
Yangi deb atalayotgan «Oreshnik» qit’alararo ballistik raketasi haqida. Bu raketa haqida birorta ochiq ma’lumot yo‘q. Na xarakateristikasi, na sinovlar, na uning yaratilish tarixi haqida. «Oreshnik» raketasi RS-26 «Rubej» raketasining ishchi hujjatlardagi yangi nomi ham bo‘lishi mumkin. Rossiya ko‘pincha ikkilangan nomlardan foydalanadi. Masalan, X-101 raketasini «504-buyum» deb ham atashadi.
Yangi va hech kimga noma’lum «Oreshnik» raketasi to‘g‘risidagi bayonotlar G‘arbga bosim o‘tkazish va Ukrainani qo‘rqitish uchun psixologik tryuk bo‘lishi ham mumkin.
Rossiya, bunday raketalarning bir nechta tajriba nusxasiga ega bo‘lishi ehtimolli va ulardan biri Dnipro shahriga nisbatan qo‘llangan. AQSh bu raketalardan foydalanish imkoniyatini avvaldan bilgan hamda Ukraina va boshqa davlatlarni ogohlantirgan.
AQSh Ukraina shu paytgacha Rossiyaning jangovar kallagi Dneprga uchirilgan qit’alararo ballistik raketasinikidan «karrasiga katta bo‘lgan» va «son-sanoqsiz» raketa hujumlariga dosh berganini ta’kidlagan.
Uchinchi jahon urushi boshlandimi?
Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, ayni paytda mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy 2024 yilning kuzida uchinchi «jahon urushi» boshlanganini ma’lum qildi.
«Menimcha, 2024 yilga kelib biz uchinchi jahon urushi boshlandi, deb aniq ayta olamiz. Chunki 2024 yilga kelib Ukraina qarshisi bitta Rossiya turgani yo‘q. Askarlarimiz qarshisida shimoliy koreyalik askarlar ham turibdi», – degan Zalujniy.
«Keling, ochiqchasiga aytaylik. Ukrainada hozir Eronda ishlab chiqarilgan «Shohid» dronlari hech kimdan hayiqmasdan, ochiqchasiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmoqda. Ukrainaga Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalar uchmoqda, ularning o‘zi buni ochiqcha tan olmoqda. Ukrainada Xitoyda ishlab chiqarilgan snaryadlar yorilmoqda, shaharlarimiz tomon uchayotgan Rossiya raketalarida Xitoy detallaridan foydalanilmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan sobiq harbiy qo‘mondon.
Uning aytishicha, jahon hamon Ukraina hududidagi urushni to‘xtata olishi mumkin, biroq Kiyevning hamkorlari zarur choralarni qo‘llashga shoshilmayapti. «Xudoning o‘zi butun dunyoga to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun imkoniyat bermoqda. Lekin buni negadir tushunishni istashmayapti», – degan diplomat.
Mavzuga oid
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024
G‘azodagi ocharchilikdan ogohlantirgan Erdo‘g‘an, Eron yadroviy obektiga zarbani tan olgan Netanyahu va Trampning migrantlar bo‘yicha rejasi - kun dayjesti
13:40 / 18.11.2024