O‘zbekiston | 11:20
9784
9 daqiqa o‘qiladi

“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda

Bir necha oy avval shoxobchalarda 4 ming so‘mdan sotilgan propan hozirga kelib 8 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketdi. Narxning bu qadar keskin o‘sishi aholiga qanday ta’sir ko‘rsatyapti? Kun.uz ushbu masala yuzasidan farg‘onalik haydovchilar fikri bilan qiziqdi.

Propan narxi oxirgi 5 oy ichida qariyb ikki barobarga qimmatlashdi. Ayni kunlarda Farg‘onadagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida taqchillik fonida propan 7 200 so‘mdan 8 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Propan osmonda...

“Kun issig‘ida arzon bo‘lgan propan narxi havo sovigandan keyin ko‘tarilib ketdi. Avval metanda yurardim, keyin esa propanga o‘tdim, mashina motorini ham propanga moslaganman. Propanga o‘tganimdan beri har safar zapravkaga kelsam, narx o‘zgaraveradi: besh yuz so‘mga, ming so‘mga oshadi. Bu holatni kim ko‘rib chiqadi, kim javob beradi?

Botirbek Mamajonov

Misol uchun, narx yetti yarim ming so‘m bo‘ldi, ayrim zapravkalarda 8 ming so‘mdan sotilyapti. Lekin bu haqda hech kim gapirmaydi. Tirikchilik shu mashinamdan, menga oshgan har 100 so‘m ham seziladi.

Bir necha kun avval 100 ming so‘mga 16-17 ta (litr) quyayotgan bo‘lsam, hozir 100 mingga 15 ta ham quyolmaysiz-da. Qancha deputatlarga ovoz berdik, sayladik, endi esa ular qorasini ham ko‘rsatmaydi. Nima uchun bunday muammolarni yechishmayapti?”, – deydi Botirbek Mamajonov.

Taksida yurish arzon tushyapti...

“Oxirgi oylarda muammo girdobida qoldik. Mashina sotib olganimda propan o‘rnatilganiga xursand bo‘lgan edim, chunki qishda navbat kamroq bo‘ladi. Bolalarni bog‘chadan olib kelish, ishga qatnashni hisobga olsak, taksida yurish arzon tushyapti, umuman qoplamayapti. Biz haydovchilar aziyat chekyapmiz.

Tohirbek No‘’monov

O‘zi minib yurgan mashinamiz qimmat, shunga yarasha yonilg‘i narxi arzon bo‘lishi kerak-ku. Avvallari 2,8-3 ming so‘m hisoblanardi, to‘ldirib ketardim. Hozir teng baravardan ham qimmatlashdi”, – Tohirbek No‘’monov.

Qirg‘izistonga o‘tib quyib kelishyapti...

“Hozirgina 7,5 ming so‘mdan quyib chiqdim, bir-ikki hafta ichida 6-6,5 ming edi narxlar. Qishlarda metanda navbat kutaverib bezib ketganimizdan propanga o‘tgan edik, endi esa propan narxi ham metan narxiga yetib qoldi. Endi nima qilishga ham hayronmiz.

Saydullo Mirzamiddinov

Bunga tegishli mutasaddilar chora ko‘rib, bir narsa qilib berishi kerak. Narx-navoni tushirib berib, xalqqa foydasi tegadigan darajada qilib. Taxminan 6 ming so‘mligida quyganimda 300 ming so‘mga bo‘lardi, hozir esa 7,5-8 ming, har xil, hamma joyda har xil bo‘lib qolgan-da narx. Hozir hisoblasak to‘rt yuz mingga borib qoladi-da bir to‘ldirishim. Bizga nisbatan ancha arzon ekan, deb Qirg‘izistondan o‘tib quyib kelishyapti.

Kechagina tanishim bilan gaplashsam, Qirg‘izdan quyib keldim dedi. Qirg‘iziston chegarasidan o‘tib, bosh og‘riqlari bilan borib kelgandan ko‘ra tinchgina shu yerda quyib yurganim yaxshi-da.

Agar iloji bo‘lsa shu propan narxini hal qilib, xalqqa foydasi tegadigan, manfaatli qilib narxini tushirib berishsa ham yaxshi bo‘lardi”, deydi Saydullo Mirzamiddinov.

Insofni kattalariga bersin...

“Avval narx 4,4 ming so‘m edi hozir esa propanlar joyiga qarab 8 ming so‘mgacha sotilyapti. Narxlar qimmat, undan ko‘ra benzinda yurgan yaxshi bo‘lib qoldi. Bugun-erta metan narxi ham ko‘tariladi deyishyapti. Metan oshsa propan ham oshadi.

Sayfullo Madazimov

Narxni tushirib berishsa yaxshi bo‘lardi. Boshqa davlatlarda eshitamiz, propan va benzin narxlari ancha arzon, bizda esa borgan sari qimmatlashmoqda. Qor yog‘sa, yana narx ko‘tariladi. Ayni kunlarda zapravka qilsangiz, uch yuz ming so‘m bo‘lyapti; to‘rt yuz kilometr yurasiz-da. Benzinga o‘tamiz endi, iloji yo‘q. Insofni kattalariga bersin”, – deydi Sayfullo Madazimov.

Narxlar birjaga bog‘liq...

“Narxlar faqat birja bilan belgilanadi, birjada narxi oshib ketgani sababli 8 ming so‘mdan sotyapmiz. Past narx kelib qolsa, narxlar o‘z-o‘zidan tushadi. Narx oshganiga endi uch-to‘rt kun bo‘lib qoldi”, – deydi gaz quyish shoxobchasi xodimi Muzaffar Aliyev.

Muzaffar Aliyev

Narx qulaydi...

“So‘nggi oylarda propan mahsuloti narxlarining ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Tahlillarimizga ko‘ra, respublika miqyosida shunday holat kuzatilmoqda va Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari tomonidan tahlil qilinganda, haqiqatan so‘nggi oylarda mahsulotning taklifga nisbatan talabi yuqori bo‘lib ketganligi ko‘rinmoqda.

Iqboljon Marasulov, Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi

Masalan, sentabr oyida birja savdolariga qo‘yilgan mahsulotga nisbatan uch baravar ko‘p talab shakllangan. Xuddi shu kabi, oktyabr oyida deyarli ikki baravar taklifga nisbatan talab yuqori bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, birjada mahsulot boshlang‘ich narxiga nisbatan sezilarli ko‘tarilishiga olib kelyapti. Birjada yuqori narxda xarid qilgandan keyin, tadbirkorlar tomonidan ham chakana savdoda mahsulot narxi oshishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

Viloyatning har bir tuman va shaharlariga mutaxassislar biriktirilgan. Kunlik propan mahsulotining narxlari shakllantirib boriladi, joyiga chiqqan holda o‘rganib boriladi. Qaysi tadbirkorlik sub’yektida qancha puldan sotilayotgani o‘z navbatida tadbirkorlik sub’yekti qanchadan sotib olganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanib, tahlil qilib boriladi. Bu ma’lumotlar kunlik qo‘mitaga taqdim etiladi.

Bu borada raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bo‘yicha nazorat ishlari olib boriladi. Bugungi kunda propan mahsulotining narxlari birjada shakllanganidan kelib chiqib belgilanadi. Shunday bo‘lsa-da, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan harakatlarning oldini olish yoki mahsulotga sun’iy taqchillik yaratish holatlarini oldini olish bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib kelyapmiz, tushuntirish ishlari ham olib borilyapti. Lozim bo‘lganda ogohlantirish xatlari beriladi.

6 noyabr sanasidan boshlab, birjada propan mahsulotining boshlang‘ich narxiga nisbatan o‘sishning yuqori chegarasi belgilandi. Tahlillarimizga ko‘ra, bu o‘z samarasini berishni boshladi. Misol uchun, birinchi noyabr kuni beshinchi noyabrgacha bo‘lgan sanada bir tonna propan mahsulotining narxi 9,5-10 million so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, oltinchi noyabrdan boshlab bir tonna mahsulot uchun 8,9-9 million atrofida narxlar shakllandi. Bu o‘z navbatida xaridorlar sotib olgandan keyin chakana sotishda ham narxlarni tushirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Sotib olingan mahsulotning o‘zini hisob-kitobini qiladi. Masalan, bir tonna mahsulot litrga aylantirilganda 1,7 koeffitsiyent qo‘llanadi. Bugungi kunda ob-havo haroratiga qarab bu narsa o‘zgarib turadi. Bundan tashqari, o‘zining aksiz soliqlarini to‘laydi. Tadbirkorlar tomonidan o‘zining boshqa xarajatlarini qo‘shgan holda narx belgilanadi. Birjada o‘n to‘rt kun olib borilgan tahlillarimizga ko‘ra, chakana savdoda ham asta-sekin narx tushishi kuzatilmoqda. Bugungi o‘rganishlarimizda Farg‘ona shahrida bir litr propan mahsuloti 7 ming so‘mdan 7,5 ming so‘mgacha sotilmoqda”, – deydi Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Iqboljon Marasulov.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid