O‘zbekiston | 13:42
1028
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Dubaydagi Al Rashid shifoxonasida qiyin ahvolga tushib qolgan va konsullik-huquqiy yordamga muhtoj bo‘lgan o‘zbekistonlik O.K. vatanga qaytarildi.

Foto: Dunyo

Bosh konsulxonasi ma’lumotga ko‘ra, vatandosh sog‘ligida kuzatilgan muammolardan shikoyat qilib, Al Rashid shifoxonasiga yotqizilgan. Muolaja davomida u 17 ming 835 AQSh dollari va BAA hududida uzrli sabab bilan bo‘lsada noqonuniy qolgani uchun 4 ming 550 AQSh dollari miqdorida qarz bo‘lgan. Shu sababli O.K.ga mazkur shifoxona va BAAni tark etish uchun taqiq qo‘yilgan.

Vujudga kelgan muammoni yaqindan o‘rganish va bartaraf etish maqsadida diplomatlar Al Rashid shifoxonasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari bilan muzokara olib bordi. Muzokaralar natijasida BAA tomoni o‘zbekistonlikning barcha qarzlaridan voz kechdi va O‘zbekistonga qaytishiga izn berdi.

Bosh konsulxona va Amirliklardagi "Ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish markazi" xayriya tashkiloti tomonidan O.K.ga "Dubay - Toshkent" aviaqatnoviga chipta sotib olindi va u 15 noyabr kuni sog‘-salomat O‘zbekistonga qaytdi.

Mavzuga oid