Jamiyat | 17:30
2740
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga yangi virus kirib kelgani yo‘q, grippning A turi ko‘paygan – SSV

Toshkent shahrida oxirgi haftalarda grippning A turi ko‘paygan. Bu bo‘g‘imlarda og‘riq, tana haroratining oshishi, yo‘tal, burun oqishi va ko‘z og‘rishi bilan namoyon bo‘lyapti, deb munosabat bildirdi Sanepidqo‘mita.

Foto: Freepik

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bolalar orasida yangi virus tarqalayotgani haqida ma’lumotlar chiqqach, holatga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislari izoh berdi.

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Rasulova Toshkent shahrida yangi virus tarqalayotgani haqidagi xabarlar asossizligini ma’lum qildi. U qo‘mita tomonidan kunlik va haftalik respirator infeksiyalar, gripp A kasalligining kundalik tahlillari olib borilishini aytib, oxirgi haftalarda gripp A ko‘payganini qo‘shimcha qilgan.

Hozirgi kundagi bo‘g‘imlarda og‘riq, tana haroratining oshishi, yo‘tal, burun oqishi va ko‘z og‘rishi bilan namoyon bo‘lishi aynan grippning A turi klinik belgilariga to‘g‘ri keladi va Toshkentdagi holat ham shu A turi bilan bog‘liq. Barcha bemorlarda ushbu kasallikning keskin boshlanishi va tana haroratining yuqori darajada ko‘tarilishi kuzatilyapti”, – degan u.

Shuningdek, mutaxassis bu virus Toshkent shahri aholisida so‘nggi haftalarda birmuncha yuqori ko‘rsatkichlarda ro‘yxatga olinayotgani sabab barcha davolash profilaktika muassasalarida qo‘shimcha bemor o‘rinlari tashkil etilganini ham ta’kidlagan.

Bundan tashqari, holat bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ham qo‘shimcha ma’lumot bergan. U respublikaga yangi virus kirib kelmagani, O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini bildirgan.

Otabekov havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan respirator kasalliklar mavsumiy xarakterga egaligi, kuz-qish davrida ularning ko‘tarilishi kuzatilishi va bundan xavotirga tushmaslik kerakligini tavsiya qilgan. “Masalan, bir necha hafta oldin yurtimizda havo harorati keskin pasayishi qayd etildi. Bunday sharoitda ko‘pchilik xonalardagi issiqlikni mo‘’tadil saqlab turish uchun eshik-derazalar, tirqishlarni zichlab yopgani tabiiy hol. Oqibatda xonadonlar va yopiq bino-inshootlarda havo almashinuvi kamayishi hisobiga atmosferada viruslar konsentratsiyasi oshishi kuzatildi”, – degan u.

Shuningdek, mutaxassis o‘tkir respirator kasalliklar bir necha klinik belgilarini sanagan. Bular:

– dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi kuzatiladi;

– navbatdagi bosqichda tomoqda achishish, qurish, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida esa balg‘am ko‘chishi, xastalikning yumshashi, yo‘tal chog‘ida og‘riqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.

Nurmat Otabekov bu kabi patologiyalar gripp virusi, paragripp, rinovirus, adenovirus, koronavirus kabilarni keltirib chiqarishi mumkinligini tushuntirgan. “Yangi viruslar paydo bo‘ldi” degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas”, – degan mutaxassis.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari respirator kasalliklar oldini olish va epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash uchun bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar o‘zlarini cheklashlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, ayniqsa bemorlar va ularning parvarishi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishlarini tavsiya etgan. “Xastalik belgilari kuzatilgan yurtdoshlarimiz esa shifokorga murojaat qilib, davo muolajalarini boshlashlari maqsadga muvofiqdir”, – degan Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid