Jahon | 15:33
2790
3 daqiqa o‘qiladi

RFda "Yak" bosh direktori va "Tupolev" boshqaruvchi direktori ishdan olindi

"Yakovlev" shirkatini BAK bosh direktori Vadim Badexa boshqaradi. Aleksandr Bobrishev "Tupolev" kompaniyasi boshqaruvchi direktori etib tayinlandi.

Andrey Boginskiy Foto: Igor Ivanko / Kommersant’

"Rostex" tarkibiga kiruvchi Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi (BAK) 25 noyabr, dushanba kuni "Yakovlev" shirkati bosh direktori Andrey Boginskiy va "Tupolev" AJ boshqaruvchi direktori Konstantin Timofeyev ishdan bo‘shatilganini e’lon qildi. Andrey Boginskiy BAK bosh direktorining fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini ham tark etadi.

"Kommersant" gazetasi aviatsiya sohasidagi manbalarga tayanib yozganidek, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Boginskiyni "fuqarolik aviatsiyasi dasturi muvaffaqiyatsizligi uchun" ishdan bo‘shatish haqida buyruq bergan. Nashrning yana bir manbasi esa top-menejerning ketishi uning Rossiya hukumatiga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Qayd etilishicha, "Yakovlev" shirkatini endilikda BAK bosh direktori Vadim Badexa boshqaradi va u ushbu ikki faoliyat turini birlashtiradi. "Tupolev" AJ faoliyatini Davlat mudofaasini ta’minlash va tezkor-taktik aviatsiya dasturlarini boshqarish bo‘yicha BAK bosh direktorining o‘rinbosari Aleksandr Bobrishev boshqaradi. Shuningdek, u "Tupolev" kompaniyasining boshqaruvchi direktori lavozimini egallaydi. Bobrishev 2009-2013 yillarda ham ushbu kompaniyani boshqargan, deb eslatadi "Kommersant".

BAK rahbariyatida o‘zgarishlar

"Boshqaruvni BAK bosh kompaniyasi darajasiga o‘tkazish bizga korporatsiyaning barcha resurslarini mahalliy fuqarolik avialaynerlarini o‘z vaqtida sertifikatlash va seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalarni bajarishga jamlash imkonini beradi", — deya gazeta BAK matbuot xizmatidan iqtibos keltiradi.

Vadim Badexa noyabr oyi boshida BAK bosh direktori bo‘ldi. Avvalroq bu lavozimni egallagan Yuriy Slyusar 4 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan Rostov oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.

Dpa agentligiga ko‘ra, Rossiya hukumatining noroziligiga, jumladan, o‘rta masofaga mo‘ljallangan MS-21 samolyotlarini seriyali ishlab chiqarishni boshlashning qayta-qayta kechiktirilishi sabab bo‘lgan. Bu yil ushbu muddat 2025 yilgacha qoldirildi. Agentlik ta’kidlaganidek, so‘nggi kechikishlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida kiritilgan G‘arb sanksiyalari bilan ham bog‘liq. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, jami 80 ga yaqin import qilingan komponentlarni, shu jumladan dvigatellarni almashtirish kerak.