O‘zbekiston | 20:47 / 27.11.2024
10188
12 daqiqa o‘qiladi

Bedarvoza bojxona va g‘oyib bo‘layotgan mashinalar – Kun.uz’da katta surishtiruv

2024 yilning 16 avgust kuni soat 10:00 da Akbar Mamajonov ismli shaxs boshqa birovga tegishli Cobalt mashinasini boshqarib, “Yallama” chegara posti orqali Qozog‘istonga o‘tib ketgan. Unda mazkur mashinani boshqarish huquqi bo‘lmagan. Chegaradan o‘tkazilgach, Cobalt izsiz yo‘qolgan. Kun.uz surishtiruvida aniqlanishicha, 50 ga yaqin ana shunday mashina bojxonachilar ko‘z o‘ngida Qozog‘istonga olib chiqib ketilgan. Surishtiruvda O‘zbekiston bojxona tizimining zaif tomoni, ya’ni hatto o‘g‘irlangan mashinalarni bojxona postlari orqali bemalol olib chiqib ketish mumkinligi haqida so‘z boradi.

O‘zbekistonda “vykup”ga (bo‘lib to‘lash sharti bilan) xarid qilingan turli rusumdagi 50 ga yaqin mashina Qozog‘istonga o‘tkazib yuborilgan. Ularning ayrimlarini chegara postlaridan boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslar haydab olib o‘tgan. Kun.uz bu ma’lumotga bir murojaatni o‘rganish davomida duch keldi.

G‘oyib bo‘lgan Cobalt

Tahririyatga murojaat qilgan Toshkent shahrida yashovchi I.X. Cobalt mashinasini nasiya-savdoga (bo‘lib to‘lash sharti bilan) sotib, aldanib qolganini ma’lum qildi. Uning bildirishicha, mashinasini 2024 yil avgust oyida Abdurasulov Abdulla ismli shaxsga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotgan. Kelishuvga asosan xaridor unga avvaliga 3 ming AQSh dollari bergan. Qolgan pulni 25 oy davomida har oyda 600 AQSh dollaridan to‘lab borishi kerak bo‘lgan.

Bir oydan so‘ng oylik to‘lov qilinmagach, Abdullaga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo bog‘lana olmadim, telefoni o‘chirilgan ekan. Keyin Telegram orqali gaplasha boshladik. U mashinam Qozog‘istonga chiqarib yuborilganini, o‘zi ham boshqa odamlarga aldanib qolganini aytib, turli bahonalar qila boshladi. Mashinani Abdullaga ishonchnoma bilan bergandim”, deydi Cobalt egasi.

I.X. mashinasini 2024 yil 15 avgust kuni Abdulla Abdurasulovga sotgan. 16 avgust kuni soat 10:00 da esa ayni shu mashina Akbar Mamajonov ismli shaxs boshqaruvida “Yallama” chegara posti orqali Qozog‘istonga haydab chiqib ketilgan. Mashinani ishonchnoma aosida boshqarish huquqi Abdulla Abdurasulovda bo‘lgan. Akbar Mamajonovda esa uni boshqarish huquqi bo‘lmagan.

Shu tariqa, chegaradan olib o‘tilgan Cobalt izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Qidiruvdagi” xaridor

I.X. mashinasi g‘oyib bo‘lgach Abdulla Abdurasulovdan uni qaytarib berishni talab qila boshlagan. Sababi, xaridor kelishuv bo‘yicha oylik to‘lovni amalga oshirmay qo‘ygandi.

Mulk egasining urinishlari samara bermagan. U Abdullani izlab yashash manzili – Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi G‘ani A’zamov mahallasiga borgan.

O‘sha hududdagi do‘konlarga kirib Abdulla Abdurasulovning turar joyini so‘radim. Uning suratini do‘kon sotuvchisiga va o‘sha yerda turgan bir necha fuqarolarga ko‘rsatdim. Ular esa Abdullani ko‘plab odamlar qidirayotganini, u ko‘pchilikni aldagan holda mashinasini olib, Qozog‘istonga o‘tkazib sotish bilan shug‘ullanishini aytdi. Shunda aldanganimni bildim.

Keyin o‘zim kabi Abdullaga mashina sotib, aldangan fuqarolarning ayrimlarini topib, gaplashdim”, deydi I.X.

Shundan so‘ng I.X. holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qila boshlagan. Hatto mashinasini izlab, Qozog‘istonga ham o‘tib kelgan, ammo bundan natija bo‘lmagan.

Qozog‘istonda Yandeks qilmoqchi edik”

Abdulla Abdurasulov bir necha oy davomida 50 ga yaqin mashinani Qozog‘istonga o‘tkazgan. Kun.uz’da uning o‘zi buni tan olgani haqidagi videolavha bor.

Videolavhada Abdulla Abdurasulov mashinalarni Qozog‘istonga o‘tkazib, taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganini, ammo qozog‘istonlik sheriklariga aldanib qolganini bildirgan.

Men oldin tanish bo‘lgan Inom ismli chimkentlik yigit bilan aprel oyi boshida gaplashdim. “O‘zbekistondan mashina yuborsang, Yandeksda ishlaymiz”, dedi. U bilan kelishdik. Men bu yoqdan “arenda”ga mashina olib, Inomga jo‘nata boshladim. 30 ga yaqin mashina yuborganimdan keyin u “Men Malik degan odam bilan ishlayman. Sen o‘sha bilan ishla”, dedi. Keyin o‘sha Malik ismli odam bilan ishladik, mashinalarni unga jo‘natishni boshladim. Qariyb 50 ta mashina jo‘natganimdan so‘ng u yoqdan arendalarning puli kelmay qoldi.

Orada menga telefon qilib, mashinalardan biri O‘zbekiston bojxonasiga kirgan ekan, ushlanib qolibdi, dedi. Bilsam, u men chiqargan mashina ekan. Ular Qozog‘iston raqamini taqib qo‘yishgan ekan. Bilsam mashinalarning barchasini “oformeleniye” qilib, soxta hujjat tayyorlagan holda Qozog‘iston davlat raqamini taqib, sotib yuborishayotgan ekan.

Men ularga mashinalarni qaytaringlar, dedim. Malikka ham, Inomga ham aytdim. Ular “tuda-suda” dedi, ammo mashinalarni qaytargani yo‘q. Bo‘lgan gap-so‘zlari shu”, deydi Abdulla Abdurasulov videolavhada.

Pul bersang mashinang qaytadi”

Chegaradan olib o‘tib ketilgan Cobalt yo‘qolgach, Abdulla Abdurasulov uning egasi I.X.ga ma’lum miqdorda pul bersa, mashinasini qaytarib keltirib berishni ayta boshlagan. Bu haqda Kun.uz’da bir nechta audiomateriallar bor.

Aka, ko‘rdingiz, men birinchi bo‘lib siznikiga harakat qildirtirdim. Nima qo‘limdan kelsa, harakat qildim. Hozir bu qilayotgan bola pul olmasdan qilmaydi. Anov bola ham 650 dollar pul o‘tkazib berib, keyin borib mashinasini oldi. Borganda yana 150 dollar pul berdi.

Men harakat qilyapman, faqat o‘zimning qo‘lim kaltalik qilib turibdi. Siz ana shu bolaga 300 ming tenge bering, yuz foiz qaytarib olib kelib beradi mashinangizni. Qilyapti-da, aka, ko‘ryapman. Yana bitta mashinani berib bo‘ldik mana. Siznikini ham qo‘shdirib, berdirtirib yuboraman”, degan u suhbatlardan birida.

Yana bir suhbatda esa qozog‘istonlik yigitlar bilan gaplashganini, 150 ming tenge bersa mashinani topishlarini, kalitni qo‘lga olgach esa qolgan pulni berishi kerakligini aytgan.

GPS orqali topilgan Lacetti

Abdulla Abdurasulov orqali Qozog‘istonga chiqarib yuborilgan mashinalardan biri – qora rangli Lacetti mashinasi ortga qaytarilgan. Mulk egalari mashinasini Qozog‘istondan, davlat raqamlari yechib olingan holda yashirib qo‘yilgan joyidan topgan. Mashinaning topilishida esa unga o‘rnatilgan GPS tizimi yordam bergan.

Kun.uz’da mavjud bo‘lgan videoda ko‘rinishicha, mulk egalari Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ishtirokida mashina yashirib qo‘yilgan joyga borgan va mashinani topgan. Organ xodimlari “texpasport”dagi kuzov raqami bilan mashina kuzov raqamini solishtirib ko‘rganda ular bir xil ekani ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng mashina yashirilgan joyidan haydab olib ketilgan va egasiga qaytarilgan.

Tergovdagi “delo”

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Buni Chirchiq shahar IIBning 2024 yil 18 sentabrda Adliya vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasiga chiqargan xatlarida ham o‘qish mumkin.

Jumladan, IIB Adliya vazirligiga jo‘natgan xatida Abdulla Abdurasulov nomiga avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilgan ishonchnomalar to‘g‘risida ma’lumot so‘ragan.

Bojxona qo‘mitasiga yuborilgan xatda esa Abdulla Abdurasulov 2024 yil 10 iyul kunidan 18 sentabr kuniga qadar O‘zbekiston chegara postlari orqali qanday rusumli va qanday davlat raqamli mashinalarda qaysi chet davlatga chiqib ketgani haqida ma’lumot so‘ralgan.

Xaridor” qayerda?

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu holatda gumondorga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi mumkin.

Biroq murojaatchiga ko‘ra, Abdulla Abdurasulov ochiqda, u bilan hamon Telegram orqali bog‘lanib turibdi. Abdulla Abdurasulov qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida ham yo‘q.

Kun.uz mazkur ishni tergov qilayotgan Chirchiq shahar IIB tergovchisi bilan bog‘landi. U tergov harakatlari bo‘yicha ma’lumot berolmasligini, tergov hali davom etayotganini bildirdi.

Bojxonami yoki karvonsaroy?

Holatdagi eng shubhali nuqta – mashinalarning bojxona o‘tkazish punktidan boshqaruv huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan haydab chiqib ketilishi bilan bog‘liq.

Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslardan birining Kun.uz’ga tushuntirishicha, ayrim hollarda ishonchnomaga mijozning talabi bilan mashinani chet elda ham boshqarish mumkinligi huquqi yozib qo‘yiladi. Bunday ishonchnoma rus tilida tayyorlanadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham onlayn ishonchnoma rasmiylashtirilishi mumkin. Ammo portal orqali rasmiylashtirilganda ishonchnoma mashinani boshqa davlatga olib chiqib ketish huquqisiz beriladi.

I.X. Abdulla Abdurasulovga ishonchnomani portal orqali rasmiylashtirib bergan.

Abdulla Abdurasulov tomonidan Qozog‘istonga chiqarib yuborilgan mashinalarning aksariyatini chegara postlaridan ushbu mashinalarni boshqarish huquqi bo‘lmagan haydovchilar haydab o‘tgan. Bu ushbu jinoyat ishining ko‘lami yanada kattaroq bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni uyg‘otadi.

Xo‘sh, O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan mashinalar qayerda? Yer tagida ilon qimirlasa sezadigan bojxonachilar o‘nlab avtomobillarni qanday qilib bu tarzda chegaradan o‘tkazib yuborgan? Kun.uz holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi vakili bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, chegaradan haydab o‘tilayotgan mashinaga tegishli (rusumi, davlat raqami, ya’ni “texpasport” ma’lumotlari) hamda haydovchining “prava”sidagi barcha ma’lumotlar bazaga kiritiladi. Ammo bojxona xodimlari haydovchida chegaradan boshqarib olib o‘tayotgan mashinasini boshqarish huquqi bor yoki yo‘qligini tekshirish vakolatiga ega emas.

Bundan kelib chiqadiki, olib qochilgan mashinalarni agar “texpasport”i bo‘lsa O‘zbekistonning istalgan chegara posti orqali chet davlatga olib chiqib ketish mumkin. Bu o‘g‘irlangan mashinalarni O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketishda chegara postlaridagi haqiqiy “yashil yo‘lak”dir.

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvni davom ettiradi. Shu yoki shunga o‘xshash muammoga duch kelgan bo‘lsangiz @kunuzmurojaat Telegram manziliga murojaat qoldirishingiz mumkin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid