O‘zbekiston | 17:50
3575
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda hokimlar, o‘rinbosarlar va sektor rahbarlari 6 oylik favqulodda ish tartibiga o‘tkazildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tadi. Butun e’tibor shu uchta yo‘nalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyihani amalga oshirib, 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish lozim.

Qayd etilganidek, viloyatning har bir hududini sanoatning muayyan tarmog‘iga, masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini qurilish materiallari hamda to‘qimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondor oziq-ovqat, G‘ijduvon va Romitanni kimyo sanoatiga ixtisoslashtirish kerak. Bu tadbirkorlarning 150 million dollarlik loyihalariga yo‘l ochadi. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 mingta ish o‘rni paydo bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Vobkent, Qorako‘l, Jondor va Olotda 320 million dollarlik 4 ta to‘qimachilik korxonasi qurish loyihalari bor. Natijada tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari hajmi 2 barobar oshadi, 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Kelgusi yil Buxoroda xorijiy turistlar soni 2,2 millionga, turizm eksporti 600 million dollarga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 mingta hunarmandchilik rasta va do‘konlari barpo etilishi bunga katta hissa qo‘shadi.

Qo‘shimcha 20 ming gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish mo‘ljallangan. Buning hisobiga qo‘shimcha 100 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi va 2 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Tomorqalar, dala cheti va kanallar atrofidagi bo‘sh yerlarda ham qo‘shimcha daraxt va oziq-ovqat mahsulotlari ekiladi.

Buxoro viloyatida 2 million gektardan ziyod yaylov bor. Yaylovlarda pista yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallangani aytildi. Ularda 105 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi, 350 million dollar eksport bo‘ladi.

Davlat rahbari bu rejalar viloyat uchun yetarli emasligini ta’kidlab, sa’y-harakat va natijalarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Takliflarni yana bir bor ko‘rib chiqib, qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Mavzuga oid