Demokratiya sog‘liq uchun foydali: korrupsiyalashgan davlatlarda aholi salomatligi yomonroq ekani ma’lum bo‘ldi
Demokratiya faqatgina erkin saylovlar, inson huquqlari va tenglikdan iborat emas. Uning tibbiyot xodimlari bilan ham bog‘liqligi bor, deb ko‘rsatmoqda yangi tadqiqot xulosalari.
Davlat xizmatlari kuchliroq bo‘lgan boy mamlakatlarda aholi odatda uzoqroq umr ko‘radi, sog‘liqni saqlash tizimi ham kuchliroq bo‘ladi. 134 ta mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, faqat kambag‘allik emas, balki demokratiya va korrupsiya ham bu masalada hal qiluvchi omil hisoblanadi. Tadqiqot natijalari PLOS Global Public Health jurnalida e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, yuqori demokratik, ya’ni adolatli saylovlar, fuqarolik erkinliklari va samarali hukumatga ega, korrupsiya darajasi kamroq mamlakatlarda, odatda, shifokorlar soni ko‘proq bo‘ladi. Bu esa odamlar qanday tibbiy xizmat olishini belgilaydi. Boshqa tadqiqotlarda ma’lum hududda shifokorlar sonining har 10 foizga oshishi tibbiy xizmat sifatini 2,3 foizga yaxshilashi aniqlangan.
Yangi tadqiqotda ta’kidlanishicha, mamlakatlar o‘z iqtisodiyoti hajmiga nisbatan sog‘liqni saqlash uchun qancha mablag‘ sarflaganidan qat’i nazar, demokratiya, korrupsiya va tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘zgarishsiz qolgan.
“Xoh demokratiya bo‘lsin, xoh korrupsiyaviy boshqaruv sifati sog‘liqni saqlash sohasidagi kadrlar salohiyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi”, — dedi Kanadaning G‘arbiy Ontario universiteti tibbiyot fakultetining pediatriya kafedrasi dotsenti va tadqiqot yetakchi muallifi doktor Amrit Kirpalani.
Avtokratik tizimda ulg‘ayish salomatlikka ta’sir qilishi mumkin
“Diktatura va boshqa avtokratik tizimlarda hokimiyatga yaqin doiralardagi shaxslar uchun chindan ham yaxshi muassasalar mavjud bo‘lishi mumkin. Biroq umumiy aholi, ayniqsa chekka hududlardagi va siyosiy nufuzga ega bo‘lmagan odamlar o‘z holiga tashlab qo‘yiladi”, — dedi Jyeneva universitetining xalqaro iqtisodiyot professori Dominik Roner.
Demokratiya sharoitida, odatda, hisob berish ko‘proq, korrupsiya kamroq, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari esa yaxshiroq bo‘ladi.
Ammo yil boshida Boloniya universitetida o‘tkazilgan global tahlil natijalari kutilmagan xulosa berdi: demokratik davlatda yashashning o‘zi salomatlik uchun yetarli emas. Odamlarning qayerda voyaga yetgani ham muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ulg‘ayganidan so‘ng qayerda yashashidan qat’i nazar, hayotining dastlabki 20 yilini demokratiya sharoitida o‘tkazgan odamlar, avtoritar tuzum sharoitida ulg‘aygan kishilarga qaraganda 2,8 yil ko‘proq umr ko‘rgan. Bolalar o‘limi ham 3,28 foizga past bo‘lgan.
“Agar avtokratiya sharoitida o‘sib, keyin demokratiyaga o‘tgan bo‘lsangiz ham, yo‘qotilgan yillar ortga qaytmaydi, zarar bir umrga yetkaziladi”, — deydi Roner.
Shubhasiz, diktatorlar xalq salomatligi yo‘lida o‘z hokimiyatidan voz kechmaydi. Ammo Ronerning ta’kidlashicha, bunday xulosalar butun dunyo saylovchilari uchun muhim ahamiyatga ega, chunki ular qaysi nomzodlarni hokimiyat tepasiga qo‘yishni hal qilishda ushbu ma’lumotlarni e’tiborga olishi mumkin.
“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, agar saylovchilar avtokratiyani tanlasa, oddiy fuqaroning turmush darajasi uncha yaxshi bo‘lmaydi. Buni ular yodda tutishi lozim”, — dedi Roner. “Demokratiyaga qaytish yo‘li esa juda mashaqqatli”.
Mavzuga oid
15:24 / 04.12.2024
Sport odamlar umrini besh yilga uzaytirishi mumkin - tadqiqot
17:27 / 02.12.2024
OITVga qarshi yangi dori - deyarli 100 foiz samarali, ammo juda qimmat
15:43 / 02.12.2024
Olimlar inson tanasidan chiqadigan issiqlikni elektr energiyasiga aylantirishni o‘rgandi
13:42 / 02.12.2024