O‘zbekiston | 22:33 / 02.12.2024
9244
6 daqiqa o‘qiladi

“Jiddiy asoslar talab qilinishi kerak” - faollar BAAga kiritilmagan o‘zbeklar voqeasi haqida

BAAda yahudiy rohibining o‘ldirilishida o‘zbeklar gumonlanib hibsga olinishi fonida, o‘nlab o‘zbekistonlik erkaklar hech qanday izohsiz bu mamlakatga kiritilmadi. Kun.uz suhbatlashgan huquqshunoslar Abdurahmon Tashanov va Botirjon Shermuhammadning aytishicha, rasmiylar bu holat bo‘yicha BAAdan asoslantirilgan tushuntirish so‘rashi lozim.

30 noyabr kuni WizzAir aviakompaniyasi reysida Toshkentdan Abu-Dabiga uchib borgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning 31 nafari BAAga kiritilmagan. Ularning hammasi – 20-40 yoshlar orasidagi erkaklar bo‘lib, yosh bolalar, keksalar hamda ayollar muammosiz chegara nazoratidan o‘tgan. Amirlik hududiga qo‘yilmagan o‘zbeklar bir necha soat aeroportda kutishga majbur bo‘lgan va ortiga qaytgan.

O‘zbekiston TIV voqea yuzasidan munosabat bermadi. BAA poytaxti Abu-Dabida joylashgan elchixona va Dubaydagi konsullik vaziyatdan xabardorligi, aeroport ma’muriyati va amirliklarning tegishli idoralari bilan muloqotda ekanini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, fuqarolar yordamga kelgan diplomatik korpus vakillarini ko‘rmaganini aytmoqda. Avvalroq Wizz Air yo‘lovchilarni tekin chipta bilan ta’minlashi aytilgan bo‘lsa-da, Toshkentga qaytib kelganlar chiptalarni o‘z hisobidan xarid qilganini ta’kidladi.

Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning fikricha, holat – inson huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Katta ehtimol bilan bu yahudiy ravvinining o‘ldirilishi bilan bog‘liq, deydi u.

Ksenofobiya yoki radikal ruhdagi qotilliklar, terrorizm voqealari mamlakatlarni xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur qiladi. Eslaylik, o‘tgan yili Moskvada bo‘lgan teraktdan keyin ham inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi kuzatildi. Hattoki, demokratik davlatlarda ham bu uchraydi. Masalan, bir necha yil oldin o‘sha seriyali qotilliklar bo‘lgan paytda, ksenofobiya motivi bilan Norvegiyada xuddi shunday xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

BAA – inson huquqlari to‘la ta’minlanmagan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Amirlikning o‘zida o‘zbeklarga qarshi kayfiyat yo‘q, lekin albatta, yahudiy ravvinining o‘ldirilishi keskin norozilikni uyg‘otdi. Buning ortidan inson huquqlari, ayniqsa o‘zbeklarning huquqlari buzilishi davom etadi”, – deydi Abdurahmon Tashanov.

Huquqshunos Botirjon Shermuhammadning fikricha, bir yoki bir nechta fuqarolarning qilmishi uchun davlatga munosabatning o‘zgarib qolishi – normal holat emas, bu davlatga hurmatsizlik hisoblanadi.

Jinoyatchilar, huquqbuzarlar har bir millat vakillari orasida bo‘ladi. Ularga nisbatan qonuniy jazoni qo‘llash kerak. Lekin hech qanday sababsiz o‘sha jinoyatchilarning millatdoshlarini mamlakatga kiritmay, aeroportdan ortiga qaytarish – avvalo o‘sha davlatga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston fuqarolarining sarson bo‘lishi nafaqat BAAda, balki Rossiya, Turkiya, Gruziya, Moldova kabi davlatlarda davomli sodir bo‘lmoqda.

Davlatga kiritmaslik uchun asoslar bo‘lishi va u hujjatda ko‘rsatilishi lozim. Kimgadir yoqmay, chegarachining kayfiyati buzilib turgani ortidan yoki boshqa sabablar bilan kiritmaslik, bu – umumiy huquqlarning buzilishi. Yurtdoshlarimiz suvsiz, oziq-ovqatsiz haftalab aeroportlarda qolib ketmoqda. O‘zbekistonning diplomatik korpuslari bu bilan jiddiy shug‘illanishi kerak”, – deydi Botirjon Shermuhammad.

Albatta, fuqarolar qaysi davlatda bo‘lsa, o‘sha mamlakatning qonunchiligi amalda bo‘ladi va ichki tartib-intizom qoidalariga bo‘ysunish majburiy hisoblanadi. Biroq qo‘lida O‘zbekiston pasporti bor bo‘lgan har qanday inson respublikaning qonuniy himoyasida bo‘lishi ta’minlanishi kerak. BAAdagi holat bo‘yicha har bir kiritilmagan fuqaro asos talab qilish hamda qonunchilikning qaysi normalariga muvofiq rad qilinganini bilishga haqli.

Bunday holatlarda, albatta, diplomatlar uchun ham oson emasligini tushunaman. Chunki voqealar hali qanday bo‘lganini tushunish, tergov-surishtiruv harakatlari qaysi bosqichda ekanini bilmasdan turib, nimadir bildirish juda qiyin.

O‘zbekiston diplomatlari ko‘pincha vakolatlarini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ishlatishadi, hattoki, keragidan ortiqcha ehtiyotkorlik bilan ish ko‘riladi. Shuning uchun nima bo‘lgan taqdirda ham qonun ustuvor bo‘lishi kerak. Har bir fuqaromiz qanday jinoyat sodir etishidan qat’i nazar, O‘zbekiston himoyasida ekanini his qilishi kerak”, – deydi “Ezgulik” jamiyati raisi.

Kun.uz vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida BAAning O‘zbekistondagi elchixonasiga bog‘lanishga harakat qildi. Dipmissiyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga ko‘ra, elchixonadagi diplomatlar amirlik milliy bayrami munosabati bilan ta’tilda. Biroq ular vaziyatdan xabardor hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan muloqotda bo‘lib turibdi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid