Fransiya hukumati iste’foga chiqishi mumkin
So‘l «Yangi xalq fronti» koalitsiyasi va o‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» deputatlari Fransiya bosh vaziri Mishel Barne kabinetiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berish niyatida.
Fransiyada 2 dekabr, dushanba kuni muxolifatdagi «Yangi xalq fronti» so‘l koalitsiyasi deputatlari, shuningdek, o‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» partiyasi vakillari hukumatga ishonchsizlik votumi masalasini milliy parlamentda ovozga qo‘yishdi.
Bu qadamga Fransiya bosh vaziri Mishel Barnening 2025 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy sug‘urta tizimi budjeti to‘g‘risidagi qonunni hukumat tomonidan taklif etilgan variantda parlamentda muhokama va ovoz berishsiz tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘ldi. Buni qilish huquqi Fransiya Konstitutsiyasining 49.3-moddasida nazarda tutilgan maxsus tartib bilan berilgan. Biroq, agar bu tartib qo‘llansa, milliy parlament deputatlari, o‘z navbatida, hukumatga ishonch masalasini ovozga qo‘yish huquqiga ega. Bu ovoz berish chorshanba, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Fransiyada ijtimoiy sug‘urta tizimi budjeti bilan bog‘liq kelishmovchiliklar
RFI mediakompaniyasi tushuntirganidek, ijtimoiy (va tibbiy) sug‘urta tizimining budjeti to‘g‘risidagi qonun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda mamlakat moliya siyosatining asosini tashkil qiladi. «Hukumat tomonidan rejalashtirilgan jami 60 (!) milliard yevro miqdoridagi tejash chora-tadbirlari tufayli ikkala budjet loyihasi ham shiddatli bahslar markazida edi», deyiladi nashrda.
«Milliy birlashuv» rahbari Marin Le Pen 2 dekabr kuni ertalab Mishel Barne bilan telefon orqali suhbatda uni rejalaridan voz kechishga chaqirdi, deya xabar beradi Fransiya bosh vazirining idorasi. Avvalroq, Le Pen partiyasi bosimi ostida hukumat rahbari allaqachon elektr energiyasi tariflarini oshirishdan bosh tortgan, shuningdek, qochqinlar uchun bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qisqartirishga rozi bo‘lgan edi, deb eslaydi Reuters.
Shu bilan birga, Barne Le Penning yanvar oyidan boshlab inflatsiya uchun pensiyalarni indeksatsiya qilishdan voz kechmaslik haqidagi chaqirig‘ini rad etdi. Bunga javoban o‘ta o‘ng siyosatchi: «Fransuzlarning sabr kosasi to‘ldi!», dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Barne bosh vazir sifatida vaziyatni yaxshilashiga umid qilgan, biroq aslida vaziyat yanada yomonlashgan.
Le Pen Fransiya hukumati iste’fosini qo‘llab-quvvatlashi mumkin
O‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen Fransiya hukumati «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tsa, unga bildiriladigan ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu haqda u 25 noyabr kuni bosh vazir Mishel Barne bilan uchrashuvdan so‘ng bayonot berdi.
Le Penning hukumat bilan asosiy kelishmovchiliklari hozirgi ko‘rinishida uni mutlaqo qoniqtirmaydigan budjet loyihasi bo‘yicha paydo bo‘ldi. Xususan, siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u Barne kabineti uchun «qizil chiziq» sifatida elektr energiyasiga soliqlar oshishi va davlat pensiyalari ortishi mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, Le Pen Barne bilan uchrashuvda kelajakdagi migratsiya qonunini muhokama qildi va uni «juda nozik» deb tanqid qildi.
2024 yil oktyabr oyida Fransiya parlamentidagi so‘l va o‘ta so‘l partiyalar koalitsiyasi Barne hukumatiga ishonchsizlik votumini ovozga qo‘ygan edi. Biroq, o‘shanda Le Penning «Milliy birlashuv» i ovoz berishda betaraf qoldi, bu esa vazirlar mahkamasining iste’foga chiqishiga imkon bermadi. Endi u yangi saylovlar 2025 yilning iyunida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi – parlamentni avvalroq tarqatib yuborish mumkin emas. Ipsos so‘roviga ko‘ra, fransuzlarning 53 foizi hukumat o‘zgarishini istaydi, bosh vazir Barnening reytingi esa 36 foizni tashkil etadi.
Mavzuga oid
16:09 / 30.11.2024
Parijdagi mashhur Notr-Dam soborida 5 yillik restavratsiya yakunlandi - suratlar
15:31 / 26.11.2024
Le Pen Fransiya hukumati iste’fosini qo‘llab-quvvatlashi mumkin
18:32 / 25.11.2024
Le Monde: Yevropa mamlakatlari yana Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimolini muhokama qilmoqda
14:22 / 24.11.2024