Jahon | 09:06 / 03.12.2024
1797
3 daqiqa o‘qiladi

Tbilisidagi namoyishlarda 220 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

So‘nggi to‘rt kun davomida qo‘lga olingan namoyishchilar politsiyaga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilikda ayblanmoqda. Tartibsizliklar natijasida 113 nafar gurji politsiyachi tan jarohati oldi.

Foto: Giorgi Arjevanidze/AFP via Getty Images

Gurjiston poytaxti Tbilisida to‘rt kunlik namoyishlar davomida 224 kishi qo‘lga olindi, deb xabar qildi Gurjiston Ichki ishlar vazirligi 2 dekabr, dushanba kuni. Qo‘lga olinganlar politsiyaga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilikda ayblanmoqda. 36 nafar shaxs sud tomonidan jarimaga tortilgan, yana 34 nafar shaxs ma’muriy qamoqqa olingan. Hammasi bo‘lib sudga 98 kishi bo‘yicha materiallar kelib tushgan.

Ikki namoyishchi (2003 va 2007 yillarda tug‘ilgan) jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular politsiya xodimlariga hujum qilish va o‘t qo‘yish orqali mulkka (shu jumladan, shahar mulkiga) zarar yetkazishda ayblanmoqda. Ayblanuvchilar yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 113 nafar politsiyachi jarohatlangan, ulardan to‘rt nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, miting ishtirokchilari politsiya ogohlantirishlariga qaramay, «bir necha bor provokatsion harakatlar sodir etgan» va Rustaveli prospektidagi parlament binosi va infratuzilmasiga zarar yetkazgan.

Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarga qarshi suv purkagichlardan foydalanmoqda

Tbilisida to‘rtinchi kun ham davom etgan ommaviy norozilik namoyishlarida politsiya maxsus kuchlari parlament binosi yaqinida to‘planganlarga qarshi suv purkagichlardan foydalangan. «Rustaveli prospektidagi vaziyat tarangligicha qolmoqda, maxsus kuchlar parlament hovlisi ichki hududidan suv purkagichlarni ishlatishda davom etmoqda, biroq ba’zi namoyishchilar joyida qolmoqda», deb yozadi Paper Kartuli.

Shu bilan birga, ayrim namoyishchilar maxsus kuchlarga qarata tosh va pirotexnika vositalari otmoqda, deb yozadi «Exo Kavkaza».

Gurjistonning eng yirik banklari Bank of Georgia va TBC, aloqa operatorlari Magti va Silknet, avtomobil dilerlik kompaniyasi Tegeta va ORBI Group developeri namoyishchilar bilan birdamlik bildirdi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining Yevropa integratsiyasi jarayonini to‘xtatib turish haqidagi qarori Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Konstitutsiyaviy sud xodimlari va boshqa davlat xizmatchilar tomonidan ham omma oldida qoralangan. Bundan tashqari, Gurjistonning AQSh, Niderlandiya, Bolgariya, Italiya va Litvadagi elchilari norozilik sifatida o‘z lavozimlarini tark etgani xabar qilingan.

Mavzuga oid