O‘zbekiston | 16:18 / 10.12.2024
19990
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi

O‘zbekistonlik 30 yoshli erkak Suriyaning Idlib shahridan turib ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi unga nisbatan Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish va boshqa ayblovlar bilan jinoiy ish ochilganini ma’lum qildi. U yuritayotgan sahifalar O‘zbekiston hududida taqiqlangan.

Foto: IIV videosidan lavha

Vazirlikka ko‘ra, Abu Valid taxallusi bilan faoliyat yurituvchi Nuriddinov Xudoyor Baxtiyor o‘g‘li 1994 yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan.

Unga nisbatan DXX tomonidan «terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish yoki harakatlanish» (JK 155-2-modda), «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish» (JK 159-moddasi), «qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish» (JK 223-moddasi) va «taqiqlangan tashkilotlar tuzish hamda ularga rahbarlik qilish, ishtirok etish» (JK 244-2-modda) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.

«X.N. 2016 yilda Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida borib, u yerda xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib, Suriyaning Idlib shahriga ketgan. U yerdan turib olib borgan targ‘ibot ishlari oqibatida bir qancha yurtdoshlarimiz janglarda ishtirok etib halok bo‘lgan. Ayni vaqtda X.N. ijtimoiy tarmoqlar va YouTube videoxostingi orqali o‘zining jinoiy qilmishlariga diniy tus berib, jihodga chorlovlarni davom ettirmoqda», — deyiladi IIV xabarida.

Vazirlik u yuritayotgan sahifalar O‘zbekiston hududida taqiqlangani, ularni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ma’lum qilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid