Jahon | 16:24 / 12.12.2024
20083
11 daqiqa o‘qiladi

Asad rejimi qulagach, Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari taqdiri nima bo‘ladi?

Putin Suriyadagi fuqarolar urushi davomida Bashar Asadni qo‘llab-quvvatladi va 2015 yil sentabridan boshlab bu yerda Rossiyaning yirik harbiy kontingenti joylashtirildi. Taxminlarga ko‘ra, 2024 yil boshiga kelib, bu kontingent soni 7,5 ming kishiga yaqinlashgan. Asad rejimi qulagach, kontingent taqdiri katta savol ostida qoldi.

Rossiya aviatsiyasi rejimning so‘nggi kuniga qadar Asad qo‘shinlarini qo‘llash uchun jangovar parvozlar amalga oshirdi. ​ Foto: AFP

BBC rus xizmati Rossiya o‘z harbiylarini Suriyadan xavfsiz olib chiqa olishi yoki yo‘qligi xususida tahliliy maqola e’lon qildi.

Suriyadagi Rossiyaning ikki eng yirik harbiy obekti — Tartusdagi harbiy-dengiz bazasi va Lataqiyadan taxminan 20 km janubi-sharqda joylashgan Hmeymim harbiy-havo bazasidir. Rossiya tomoni ta’kidlashicha, Tartusdagi obekt to‘liq qiymatli baza emas, balki kemalarga texnik xizmat ko‘rsatish punkti hisoblanadi.

Ushbu ikki yirik obektdan tashqari, ularning atrofida turli yordamchi pozitsiyalar va blokpostlar joylashtirilgan bo‘lishi mumkin.

2017 yilda Moskva va Damashq Tartus va Hmeymim bazalaridan 49 yil davomida — 2066 yilgacha foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Biroq hozirgi vaziyatda ular Rossiya ixtiyorida qoladimi-yo‘qmi, bu haqda aniq gapirish qiyin.

Rossiya rahbariyati ushbu bazalardan foydalanishni davom ettirish bo‘yicha aniq rejalar qurmayotganini bildirmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni Moskva ularning taqdirini Damashqdagi yangi hukumat bilan muhokama qilishini aytdi.

Rossiya aviatsiyasi Bashar Asad rejimining tanyachi edi, endi uning mamlakatda qolishi savol ostida. Foto: AFP

Bundan sal avvalroq Rossiya Turkiyadan Suriyadagi harbiy kuchlarini xavfsiz evakuatsiya qilishda yordam so‘radi, deb xabar berdi CNN Turk. Biroq gap yirik bazalar emas, balki mamlakatning turli hududlarida joylashgan alohida pozitsiyalardagi harbiylar haqida ketmoqda.

Bir necha hafta muqaddam Rossiya qo‘shinlari Suriyaning turli nuqtalarida joylashgandi. Bu obektlar o‘rtasidagi masofa yuzlab kilometrni tashkil qilgan. Hozirda Rossiyaning ayrim bo‘linmalari asosiy kuchlardan uzilgan holda qolgan bo‘lishi mumkin.

Bir tomondan, Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari va kontingenti xavf ostida emasligi va Suriyada izolyatsiyalangan harbiy qismlar yo‘qligini ta’kidlagan. Boshqa tomondan, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya harbiylari tomonidan tushirilgani aytilgan kadrlar paydo bo‘lmoqda, ularda qo‘shinlar bazalardan uzilgani iddao qilinadi. Bunday xabarlar haqqoniyligini tekshirish qiyin.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya texnikasi Suriya yo‘llarida harakatlanayotganini ko‘rsatuvchi videolar tarqalgan. Ushbu videolar va Rossiya qo‘shinlari bilan bog‘liq hech qanday voqealar xabar qilinmayotganiga asoslanib, Rossiya qo‘shinlari uzoq hududlardan chiqishga harakat qilayotganini taxmin qilish mumkin.

Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ma’lum qilishicha, Rossiya Suriyadagi yangi hukumat bilan o‘z fuqarolari xavfsizligi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Biroq, bu birinchi navbatda diplomatlar va boshqa vakolatxonalar xodimlariga tegishli.

Rossiya harbiylarining Suriyadagi joylashuvi

Rossiyaning asosiy harbiy bazalari — Hmeymim aviabazasi va Tartusdagi dengiz xizmat ko‘rsatish nuqtasi — Suriya g‘arbida, O‘rta Yer dengizi bo‘yida joylashgan.

BBC infografikasi

Kamroq ahamiyatga ega obektlardan biri – shimoldagi Qamishli shahrida joylashgan bo‘lib, u yerdagi aeroportdan Rossiya harbiy vertolyotlari uchun foydalanilgan. Shuningdek, Rossiya aviatsiyasi Suriya HHQning eng yirik bazasi — T-4 aerodromidan ham foydalangan. Bu baza Palmiradan taxminan 50 km g‘arbda joylashgan.

Rossiyalik harbiy ekspert Viktor Muraxovskiy ma’lum qilishicha, T-4 aerodromi yaqinidagi Rossiya harbiylari Suriyadagi isyonchilarning tezkor hujumlari natijasida asosiy kuchlardan uzilgan.

Shuningdek, Rossiya harbiylari Rujava mintaqasidagi blokpostlarda, shimol va shimol-sharqdagi kurdlar nazoratidagi hududlarda patrullik qilishda ishtirok etgan. Ekspert Boris Rojinning telegram-kanalida Rossiya harbiy texnikasi evakuatsiya qilinishi aks etgan suratlar joylashtirildi. Unda Rossiya qo‘shinlari Rujavadagi foydasiz bo‘lib qolgan bazalarni tark etayotgani ta’kidlangan.

Vladimir Putin uchun Rossiya qo‘shinlarining Suriyada mavjud bo‘lib turishi, shubhasiz, siyosiy ahamiyatga ega edi — Rossiya o‘zining xalqaro maydondagi ishtirokini harbiy kuch bilan qo‘llagan holda namoyish etayotgandi. Foto: AFP

Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari Dayr-az-Zor shahrida ham bo‘lgan. Buni Rossiyaning harbiy kanallaridan biri tasdiqlab, zirhli texnikalar (BTR) Qamishliga qarab harakatlanayotgani tasvirlangan suratlarni e’lon qildi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya harbiy politsiyasi Isroil-Suriya chegarasidagi Jo‘lan tepaliklarida o‘z hozirligini kengaytirgan edi. Hozirda bu hududda Isroil harbiylari demilitarizatsiya qilingan bufer zonasini nazoratga olgan bo‘lib, 1974 yilda tuzilgan kelishuv isyonchilar hujumi natijasida bekor bo‘lganini ma’lum qilgan.

Muvofiqlashtirish masalalari

Agar CNN Turk telekanali xabariga ishonilsa, Rossiya qo‘mondonligi Turkiya bilan qo‘shinlarni olib chiqishda yordam berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan va bu Rossiya qo‘shinlarini ayrim uzoq hududlardan evakuatsiya qilishni yengillashtirishi mumkin. Biroq bu barcha hududlarga taalluqli emas.

Turkiya kuchlari nazorat qiluvchi hududlardagina yordam samarali bo‘lishi mumkin. Rossiya qo‘shinlari Suriyaning turli mintaqalarida, jumladan, Turkiyaning ta’siri yo‘q joylarda ham joylashgan.

Qo‘shinlarni Tartus yoki Hmeymimga olib kelish uchun turli kuchlar bilan muzokaralar olib borishga to‘g‘ri keladi. Bu vaziyatda rossiyalik harbiy blogerlar Amerika yoki Isroil aviatsiyasi hujumlari Rossiya qo‘shinlari uchun katta xavf tug‘dirayotganini ta’kidlamoqda.

Suratda Rossiya askarlari 2020 yilda turk askarlari bilan birga Suriya-Turkiya chegarasida patrullik qilishayotgani tasvirlangan. Endi Suriyaning uzoq hududlaridan Rossiya qo‘shinlarini xavfsiz olib chiqish Turkiyaga bog‘liq. Foto: AFP

Isroil ekstremistlar qo‘liga tushmasligi uchun Suriya armiyasining qurol-yarog‘ va raketalar ishlab chiqarish va saqlash nuqtalariga hujum qilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSh aviatsiyasi ham Suriya hukumati qulaganidan keyingi siyosiy va harbiy beqarorlikdan foydalanishining oldini olish maqsadida IShID yetakchilari va jangarilari joylashgan 75 dan ortiq nuqtaga zarba berganini e’lon qildi.

Buning uchun Rossiya qo‘shinlarini uzoq joylardan evakuatsiya qilish ko‘p tomonlarning harakatlarini muvofiqlashtirishni talab qiluvchi murakkab vazifadir.

Keng miqyosli evakuatsiya

Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati hozircha Tartus va Lataqiyadagi harbiy bazalar taqdiri qanday bo‘lishini aniq bilmaydi. Shu sababli, Rossiya o‘z harbiy qo‘shinlarini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Bu vazifani bajarish oson bo‘lmaydi. Rossiya qo‘shinlari tarkibida 7,5 ming harbiy bilan birga ko‘plab qurol-yarog‘ va harbiy texnika ham bor. Bu, ayniqsa, Hmeymim aviabazasiga tegishli. Baza hududida zirhli texnika, zenit-raketa majmualari va muhandislik uskunalari mavjud. Evakuatsiya boshlangan taqdirda, bu jarayon katta e’tiborni tortishi mumkin.

Suriyada taxminiy hisoblarga ko‘ra 7,5 ming rossiyalik harbiy bor, lekining ularning barchasi ham jangovar harbiy qismlarda xizmat o‘tamaydi. Foto: AFP

Bundan tashqari, Rossiya kontingenti tarkibida og‘ir asosiy jangovar tanklar ham borligi haqida xabar qilingan edi. Barcha texnika, jumladan, tanklarni An-124 kabi og‘ir yuk tashuvchi samolyotlar orqali Hmeymim aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanib evakuatsiya qilish mumkin. Ammo bu bir necha yuz An-124 va Il-76 samolyotlari qatnovini talab qiladi.

Dengiz orqali Tartus bazasidan evakuatsiya qilish ham oson emas. Kema yordamida ko‘p yuk va odamni tashish mumkin bo‘lsa-da, ular Turkiyaning Bosfor va Chanoqqal’a bo‘g‘ozlari orqali Qora dengizga o‘tishga ruxsat ololmaydi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng, Turkiya Montryo konvensiyasi doirasida urushayotgan davlat kemalari uchun bo‘g‘ozlarni yopgan.

Shuning uchun, Tartusdan kemalarni evakuatsiya qilish mumkin bo‘lsa ham, ularni Uzoq yo‘l — O‘rta Yer dengizi orqali Gibraltar, Yevropani aylanib, yo Boltiq dengiziga, yoki Norvegiya va Barens dengizlari orqali Rossiya shimoliy portlariga yetkazish kerak bo‘ladi.

Shunday qilib, Rossiya o‘z qo‘shinlarini Suriyadan evakuatsiya qilishga qaror qilsa, bu operatsiya juda katta xarajatli va ko‘lamli bo‘lishi kutilmoqda.

Rossiya uchun Suriyadagi bazalarni yo‘qotish xavfi

Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari faqat Asad rejimiga qo‘llab-quvvatlash uchun emas, balki Yaqin Sharqdagi harbiy mavjudligini saqlash va Afrikadagi manfaatlarini amalga oshirish uchun ham muhim bo‘lgan. Ayniqsa, Hmeymim havo bazasi Rossiyaning Afrikadagi loyihalari, jumladan, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi uchun asosiy logistika nuqtasi vazifasini o‘tagan.

Agar Rossiya Suriyaning yangi hukumati bilan bazalarni saqlash bo‘yicha kelishuvga erishsa, bu yangi va tubdan farqli shartnoma bo‘lishi mumkin. Asad hukumati Rossiyaga kuchli ravishda bog‘liq edi, yangi hukumat esa Moskvadan yordam uchun ma’lum to‘lov yoki imtiyoz talab qilishi ehtimoli bor.

2015 yilda Putin Asadga yordam uchun minglab harbiylarni yuborish orqali Rossiya o‘zini global o‘yinchi davlat sifatida ko‘rsatishga harakat qilgandi. Bu uning sobiq sovet ittifoqidan tashqari hududlarda G‘arbning qudrati va ustunligiga jiddiy chaqiruvi edi.

Ahyon-ahyonda Rossiyaning Suriyadagi missiyasi muvaffaqiyatli ko‘ringan bo‘lsa ham, ayni vaziyatda Suriyadagi ko‘p yillik harbiy mavjudlik natijalari shubha ostiga qo‘yilmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid