Jamiyat | 19:30 / 12.12.2024
1646
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekgidroenergo" ISO 37001:2016 standarti bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurash sertifikatini qaytadan qo‘lga kiritdi

11 dekabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Management Certification” xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti vakillari o‘rtasida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev tadbir ishtirokchilarini jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, bu borada erishilgan yutuqlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJga “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi” bo‘yicha ISO 37001:2016 milliy muvofiqlik hamda xalqaro sertifikatlarni topshirishga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.

Aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi izchil islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Bu borada, iqtisodiy sohaning barcha tarmoqlari doirasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, 2021 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli farmoni hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi. Foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma va talablar” xalqaro standartini joriy qilish ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyati “Cert International” MChJ xalqaro sertifikatlashtirish organi tomonidan tegishli auditdan o‘tkazilib, natijada ISO 37001:2016 bo‘yicha milliy muvofiqlik va xalqaro sertifikatlar qo‘lga kiritilgan edi.

Oradan 3 yil o‘tib, 2024 yil noyabr oyida “Management Certification” xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti tomonidan navbatdagi audit o‘tkazildi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi” bo‘yicha milliy muvofiqlik va xalqaro sertifikatlarni qaytadan qo‘lga kiritdi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid