Jahon | 20:20 / 12.12.2024
3437
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 2024 yil oxirigacha 20 dan ziyod Superjet 100 ishlab chiqarishi kerak edi, ammo u yettitadan oshmadi

2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya yetti dona Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi samolyoti va ikkita «Il-96-400M» hamda «Il-114» tajriba samolyotlarini yig‘di. BBC’ning yozishicha, aviatsiyani rivojlantirish loyihasiga ko‘ra, 108 ta samolyot ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Foto: Getty Images 

Qayd etilishicha, jurnalistlar hisob-kitoblarni amalga oshirishda norasmiy reyestrlar, agregatorlar va OAVdagi xabarlarni o‘rganib chiqqan («Rosaviatsiya» 2024 yil iyun oyida Rossiya aviatashuvchilar parklarida samolyotlarning rasmiy reyestrini yashirib qo‘ygan).

Yangi samolyotlarini yaratish rejasi hukumat tomonidan 2022 yilda tasdiqlangan va 2030 yilga qadar mo‘ljallangan aviatsiya sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi kompleks dasturga kiritilgan. Unga ko‘ra, 2022 yil oxiriga qadar 14 ta kichik o‘lchamli «L-410», 2023 yilda — 25 ta (jumladan, ikkita Superjet ham), 2024 yil oxiriga qadar esa 69 ta (20 tasi Superjet) ishlab chiqarilishi kerak edi. 2030 yilga qadar jami 1036 ta samolyot, jumladan, 142 ta Superjet ishlab chiqarish reja qilingan.

Mazkur dasturga kamida ikki marotaba o‘zgartirish kiritilgan, muddatlar surilgan, 2024 yil avgustda esa «Kommersant» audit davomida «miqdoriy ko‘rsatkichlarni qayta ko‘rib chiqish» bo‘yicha tavsiyalar berilganini yozgan. Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, gap oldingi strategiyaga o‘zgartirish kiritish o‘rniga yangisini ishlab chiqish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

«Ushbu rejani ishlab chiqqanlarning hech biri bunga ish uchun bevosita qo‘llanma sifatida qaramagan. Ya’ni balki tepadagi kimdir bu reja amalga oshadi va 2030 yilgacha mingta samolyot ishlab chiqariladi deb hisoblagandir, ammo aslida bu shunchaki ish ketayotganini ko‘rsatish uchun imitatsiya bo‘lgan xolos», — deydi BBC rus xizmatining Rossiya aviatsiya sohasidagi manbasi.

Natijada Ukrainaga qarshi boshlangan urushdan keyin yetti dona Superjet 100, shuningdek, sinovlar uchun mo‘ljallangan «Il-96-400M» va «Il-114» ishlab chiqarilgan. «L-410»dan (bu Ural fuqarolik aviatsiya zavodida yig‘ilgan Chexiya samolyoti) nechta ishlab chiqarilgani noma’lum, biroq kompleks dasturning so‘nggi tahririda u Rossiya — Belarus loyihasi bo‘lgan va «faqat kompyuter grafikasi ko‘rinishidagina mavjud» «LMC-192» bilan almashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, 2019 yili Rossiyada 11 ta avialayner, 2020 yilda — 12 ta, 2021 yilda — 13 ta, jumladan, bitta tajribaviy «MC-21» ishlab chiqarilgan.

«Dunyoning eng yirik ishlab chiqaruvchilari bilan raqobat qilish uchun yetarli bo‘lmasa ham, o‘zining samolyot ishlab chiqarish sanoatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yetadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi — «Aeroflot» kompaniyasi «Volga-Dnepr» guruhidan beshta Boeing 737-800BCF yuk tashuvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid