Jahon | 20:17 / 01.01.2025
7239
2 daqiqa o‘qiladi

Guantanamo qamoqxonasi ochilganidan beri hibsda saqlangan Tunis fuqarosi ozod etildi

AQSh Guantanamo qamoqxonasida hibsda saqlangan tunislik fuqaroni ozod etib, uni vataniga qaytarib yubordi. 59 yoshli erkak 2002 yilning yanvaridan beri dastlabki ayblov e’lon qilinmagan holda qamoqda o‘tirgan.

Foto: Getty Images

Uzoq yillar davomida Guantanamo qamoqxonasida saqlangan tunislik Rida bin Saloh al-Yazidi ozod etilib, vataniga qaytarildi. Bu haqda Pentagon e’lon qilgan press-relizga tayanib BBC xabar berdi.

Al-Yazidi ushbu qamoqxonada ochilgan vaqtdan — 2002 yilning yanvaridan beri dastlabki ayblov e’lon qilinmagan holda hibsda saqlangan. 59 yoshli erkak qamoqxonada olingan eng mashhur suratlardan birida tasvirlangan: unda mahbuslar Camp X-Ray’dagi ochiq osmon ostida tiz cho‘kkan holda o‘tiribdi. Ushbu surat AQShning terrorizmda gumon qilinganlarni hibsga olish borasidagi ziddiyatli siyosati ramziga aylangan.

Al-Yazididan tashqari yana uch kishi Keniya va Malayziyaga jo‘natilgan. Jo Bayden administratsiyasi Guantanamodagi mahbuslar sonini bosqichma-bosqich qisqartirmoqda: u prezidentlik lavozimiga o‘tirganida qamoqxonada 40 nafar mahbus saqlangan bo‘lsa, hozirda ularning soni 26 nafarni tashkil etmoqda. Mahbuslarning yarmidan ortig‘i boshqa joyga o‘tkazilish huquqiga ega.

Guantanamo qamoqxonasi Kuba janubi-sharqidagi AQSh harbiy-dengiz bazasida joylashgan bo‘lib, u 2001 yil 11 sentabr teraktlaridan keyin «terrorizmga qarshi kurash» doirasida qurilgan. Qamoqxona ishga tushganidan beri xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga uchrab keladi va u inson huquqlarining buzilishi ramziga aylangan.

22 yil davomida qamoqxonada jami 780 nafarga yaqin mahbus saqlangan. Pentagon al-Yazidining Tunisga qaytarilish jarayoniga oid batafsil ma’lumotlarga to‘xtalmagan. New York Times’ning yozishicha, Yazidiga ayblov e’lon qilinmagan, uning boshqa joyga ko‘chirilishi esa 10 yildan ortiqroq vaqt oldin ma’qullangan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid