Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reimbursatsiya dasturi: Surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga bepul dori-darmonlar beriladi
SSV matbuot xizmati ushbu tizimdan foydalanish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda tibbiyot sohasidagi transformatsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni amaliyotga tatbiq etilayotgan Reimbursatsiya dasturi misolida ham ko‘rish mumkin.
Reimbursatsiya, ya’ni «xarajatlarni qoplash» ma’nosini anglatadigan bu tizim 2020–2024 yillar davomida Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazildi. Hozirgi paytda esa Sirdaryo viloyati bilan birga Toshkent shahrida ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xo‘sh, bu dasturning asosiy mohiyati nimadan iborat, bu orqali qanday maqsadlar ko‘zlanmoqda?
«Avvalo, ushbu ezgu ishda prezidentning 2024 yil 5 sentabrdagi «Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lganini aytish zarur.
Zero, unda shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dori vositalari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida bemorga dorixonalar tomonidan bepul berilishi va barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilgan», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Hozir dasturga 7 xil surunkali xastalik — gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, qandli diabetning 2 turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv xastaligi kiritilgan bo‘lib, ularga chalingan bemorlarga 27 xil dori-darmonlar bepul beriladi.
Tizimdan foydalanish imkon qadar soddalashtirilgan. Fuqaro, avvalo, oilaviy shifokorga borib uchraydi. Bordi-yu, unda sal ilgariroq nomlari keltirib o‘tilgan kasalliklardan biri yoki bir nechtasi aniqlanadigan bo‘lsa, shifokor elektron retsept shakllantiradi.
So‘ng bemor telefoniga SMS kod keladi va shu kod Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga ham boradi. Bemor yoki uning yaqinlaridan biri shu SMS kodni dorixona xodimiga ko‘rsatib, retseptdagi dorilarni olishi mumkin bo‘ladi.
SMS yaxshi ishlamaydigan joylardagi bemorlar nima qiladi? Bu masala ham hisobga olingan. Oilaviy shifokor tomonidan QR-kodli elektron retsept shakillantiriladi va bemorga beriladi.
Bemor yoki uning yaqinlaridan biri QR-kodli elektron retseptni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixona xodimiga taqdim etadi va o‘ziga kerakli dori vositalarini oladi.
Ammo shu bilan jarayonlar yakunlanmaydi. Bemor o‘zi olgan dorilarni qabul qilib bo‘lgach, yana shifokor huzuriga keladi. Shifokor uni tekshirib bo‘lgach, yangi elektron retseptni shakllantiradi.
Bu galgi dorilar miqdori, ya’ni dozasi farq qilishi mumkin. Muhimi, ana shu jarayon to bemor darddan to‘liq forig‘ bo‘lib ketgunicha davom etadi.
«Shu o‘rinda yana bir jihatni ko‘zdan qochirmaslik joiz. Gap bemorlarda kuzatiladigan o‘ziga xos «injiqlik» haqida bormoqda. Ayrim bemorlarning dori vositalarini vaqtida qabul qilmasligi holatlari uchrab turadi.
Bu jihat ham dastur ijodkorlari e’tiboridan chetda qolmagan. Potranaj hamshirasi o‘zining hududida dastur doirasidagi necha bemor borligini yaxshi biladi va tez-tez ularning uyiga borib, narozat qilib turadi. Kimdir dorini vaqtida qabul qilmayotgan bo‘lsa, hamshira tushuntirish ishlari olib boradi.
Bu kabi xayrli sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad yanada e’tiborli. Ya’ni bu bilan surunkali kasalliklarni tizimli ravishda davolashni yo‘lga qo‘yish, kasalliklarning oldini olish va dori ta’minotini yaxshilash orqali aholini moliyaviy himoyalash hamda yurtdoshlarimizning o‘z salomatligiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish maqsad qilingan.
Bejiz aholining o‘z salomatligiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishni alohida eslatib o‘tmadik. Yurtdoshlarimiz orasida o‘z sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lganlar ham kam emas. Kimdir dori-darmonni olishga olib, vaqtida qabul qilmasa, boshqa birlari ovqatlanish tartiblariga amal qilmaydi.
Qachonki, biz o‘z salomatligimizga mas’ullik bilan yondashar ekanmiz, ana shunda dasturdan ko‘zlangan maqsadlarga to‘lig‘icha erishamiz», deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, reimbursatsiya dasturi 2026 yilning yakuniga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etiladi.
Mavzuga oid
17:23 / 14.05.2025
Jaziramada organizmni qanday himoyalash lozim? – SSV tavsiyalari
18:19 / 01.04.2025
O‘zbekiston ayollar salomatligi global indeksida uch pog‘ona yuqoriladi
16:55 / 25.03.2025
Ko‘zga ohak yoki yot jism kirganda nima qilish kerak? Mutaxassis javob berdi
14:43 / 19.03.2025