Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya va Qatar Suriyaga ikkita suzuvchi elektr stansiya yuboradi
Suriyaning aksariyat hududlariga hozirda bir kunda ikki-uch soat elektr energiyasi berilmoqda. Yangi hukumat ikki oy ichida elektr ta’minotini sutkasiga sakkiz soatga yetkazishga va’da bergan.
Turkiya va Qatar Suriyaga elektr ta’minot bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash maqsadida ikkita suzuvchi elektr stansiyasini yuboradi. Bu haqda Suriya elektr ta’minoti idorasi bosh direktori Xolid Abu Day ma’lum qildi.
«Oldingi rejim vaqtida ishlab chiqarish obektlari, transformator nimstansiyalari va elektr uzatish tarmoqlariga yetkazilgan zarar juda yuqori. Elektr energiyasini uzatish uchun ularni qayta tiklash niyatidamiz», — deydi u.
Ammo Xolid Abu Day elektr stansiya kemalari Suriyaga qachon yetib kelishiga oydinlik kiritmagan. Shuningdek, u mazkur ikki kema suriyalik iste’molchilar uchun qancha vaqt ishlashini ham aytmagan.
Ta’kidlanishicha, Suriyaning aksariyat hududlariga hozirda bir kunda ikki-uch soat elektr energiyasi berilmoqda. Mamlakatning yangi administratsiyasi ikki oy ichida elektr ta’minotini sutkasiga sakkiz soatga yetkazishga va’da bergan.
6 yanvar kuni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Suriya o‘tish davri hukumati vakillariga mamlakatda moliyaviy faoliyatni kengaytirish uchun umumiy litsenziya berdi. Bosh litsenziya 7 iyulgacha «Suriyaga ba’zi energiya operatsiyalari va shaxsiy pul o‘tkazmalari»ga ruxsat beradi.
Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Suriyaning qayta tiklanishiga yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyat undan sanksiyalarni olib tashlashi kerakligini ma’lum qilgandi. «Oldingi rejimga qarshi joriy etilgan sanksiyalar imkon qadar tezroq olib tashlanishi kerak», — degan Fidan Suriyaning yangi rahbari Ahmad al-Shar’a bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.