O‘zbekiston | 13:43 / 17.01.2025
1251
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyadagi qadimiy qo‘lyozmalarning nusxalari O‘zbekistonga keltiriladi

Malayziyada Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovga O‘zbekiston madaniy merosiga oid tarixiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari topshirildi.

Foto: Dunyo

Xususan, Abu Rayhon Beruniyning "At-Tafhim" va Abulqosim Firdavsiyning Temuriylar davrida ko‘chirilgan "Shohnoma" asarlari topshirildi. Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi institutida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ham ishtirok etdi.

Qo‘lyozmalar Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Malayziyadagi Xalqaro Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasidan O‘zbekistonning madaniy merosiga oid tarixiy qo‘lyozmalar topilgani haqida xabar berilgan edi.

Abu Rayhon Beruniy (973–1048) asarlari va ilmiy kashfiyotlari dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning 1197 yilda ko‘chirilgan "At-Tafhim" asari jahon ilm-fanida muhim manba sifatida e’tirof etilgan. Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma"si esa XV asrda Temuriylar davri kitobat san’ati an’analari asosida ko‘chirilgan. Asarda Kamoliddin Bekzod miniatyura maktabiga xos unsurlar aniqlangan.

Mavzuga oid