Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda. Vazirlikka ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilyapti.
Senatning uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, ko‘rib chiqilgan qonun normalari aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi. Unda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda. Unga ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilyapti.
Qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
16:13 / 21.01.2025
Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka narxi masalasida izoh berdi
16:11 / 16.01.2025
Senatda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati muhokama qilindi
21:10 / 25.11.2024
Aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hisob-kitobi yuritiladi
18:40 / 25.07.2024