Xitoyda akkumulyatorlarni utilizatsiya qilishning inqilobiy usuli o‘ylab topildi
Olimlar taqdim etgan yangi usul ishlatib bo‘lingan akkumulyatorlardan 97 foizgacha litiyni ajratib olish imkoniyatini taqdim etadi.

Foto: SCMP
Xitoy Fan va texnologiyalar universitetining bir guruh olimlari litiy akkumulyatorlarni qayta ishlashning ekologik texnologiyasini taqdim etdi. Tadqiqot natijalari Nature Sustainability jurnalida e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, professor Chen Vey boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi litiy ionlarining azot ikki oksidi bilan o‘zaro ta’siriga asoslangan elektrokimyoviy jarayonni ishlab chiqqan. Ushbu texnologiyaning o‘ziga xosligi faqat metall ishqorini o‘tkazadigan keramik membranadan foydalanilishida — u qayta ishlashning yuqori samaradorligini ta’minlaydi.
Test natijalari ishlatib bo‘lingan akkumulyatorlardan 97 foizgacha litiyni ajratib olish, shuningdek, qayta ishlangan har bir kilogramm materialdan 66 vatt elektr energiyasini generatsiya qilish mumkinligini ko‘rsatgan. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu jarayon qimmat kimyoviy moddalardan foydalanishni talab etmaydi va atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytiradi.
Sanoat chiqindilaridan azot dioksidini ajratib olish uchun olimlar dimetilformamid asosidagi elektrolitlar bilan tejamkor uglerod membranalaridan foydalangan. Litiy ionlari bilan reaksiyaga kirishilganida toza litiy nitrat paydo bo‘ladi va bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi generatsiyasi amalga oshadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur innovatsiya litiy akkumulyatorlarni qayta ishlash yo‘nalishini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yangi texnologiya har yili chiqindiga tashlanadigan o‘n minglab tonna batareyalarni utilizatsiya qilishda nisbatan ekologik va iqtisodiy jihatidan foydali yechimni taqdim etadi.
Mavzuga oid

18:16
WSJ: Xitoy harbiy potensialini oshirish uchun okean tubini faol o‘rganmoqda

15:39 / 11.03.2025
Xitoy AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlar joriy qildi

12:02 / 11.03.2025
Bosh vazir matbuot kotibi O‘zbekistonda «xitoyliklar ko‘payib ketayotgani» haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

22:37 / 10.03.2025