Jahon | 16:33 / 17.02.2025
1771
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davdep sayti Tayvan mustaqilligini tan olmaslik haqidagi yozuvni olib tashladi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o‘zgarishlarga hali izoh bermadi.

Foto: Getty images

AQSh Davlat departamenti o‘zining rasmiy saytidan Tayvan mustaqilligi qo‘llab-quvvatlanmasligi haqidagi bayonotni olib tashladi. Bu haqda Amerikaning CNBC telekanali xabar berdi.

Davlat departamenti veb-saytidagi bayonotning yangilangan versiyasida Tayvan AQSh Mudofaa vazirligi bilan texnologiya va yarimo‘tkazgichlar sohasida hamkorlik qilishi va Amerika ma’muriyati orolning xalqaro tashkilotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan.

AQSh Davlat departamenti vakilining aytishicha, o‘zgarishlar g‘ayrioddiy emas va Vashingtonning Tayvan bilan norasmiy munosabatlarini aks ettirish uchun axborot kun tartibini yangilash bilan bog‘liq.

«Biz status-kvoni o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarga qarshimiz. Biz tomonlar o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaymiz va kelishmovchiliklar tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid qilamiz», deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, bayonotda ta’kidlanishicha, AQSh ma’muriyati «yagona Xitoy» tamoyiliga amal qilishda davom etadi. «AQSh Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash tarafdori», deyiladi hujjatda.

Ayni paytda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o‘zgarishlarga hali izoh bermadi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Xitoyda Chan Kay-shi boshchiligidagi Gomindan kuchlari va Mao Tszedun boshchiligidagi Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) o‘rtasidagi fuqarolar urushi yakunlandi.

Kommunistlarning g‘alabasi natijasida 1949 yil 1 oktyabrda Xitoy Xalq Respublikasi e’lon qilindi. Mag‘lub bo‘lgan gomindan tarafdorlari Tayvanga qochib ketdi va u yerda muvaqqat hukumat tuzdi.

Pekin Tayvanni o‘z hududining ajralmas qismi deb hisoblasa-da, orol 1949 yildan beri amalda mustaqilligini saqlab kelmoqda.

So‘nggi yillarda Xitoy Tayvanga harbiy bosimni kuchaytirmoqda va orolni materik bilan birlashtirish uchun kuch ishlatishni istisno etmayapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid