AQShda 27 yoshli Uayttop dunyodagi eng keksa lama deb tan olindi. U og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish bilan shug‘ullanadi
Uayttop juda yuvoshligi bilan ajralib turadi, qolaversa, u selfi tushishni yaxshi ko‘radi.

Ginnesning rekordlar kitobi Shimoliy Karolinadagi Uayttop laqabli 27 yoshli lamani dunyodagi eng keksa lama sifatida tan oldi. Jonivor ham yovvoyi tabiatda, ham tutqunlikda yashovchi lamalar orasida ushbu unvonga sazovor bo‘ldi.
2006 yildan buyon Uayttop og‘ir surunkali kasalliklardan aziyat chekadigan bolalarga yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan Victory Junction notijorat tashkiloti hududida yashaydi. Bu joy qo‘shimcha tibbiy yordamga muhtoj bolalar uchun maxsus oromgoh sifatida faoliyat yuritadi.
Uayttop kunlarini bolalar bilan o‘ynash va lagerda saqlanadigan boshqa hayvonlarga “qarash” bilan o‘tkazadi.
“U mehmonlarimizga juda yaxshi munosabatda bo‘ladi. Lagerimizga bolalar kelishi bilan, Uayttop yotib olib, tushlikkacha o‘rnidan turmaydi — bu orqali jonivor bolalarga unga yaqinlashib, silashlariga imkon beradi. Uning uchun bu xuddi ishdagi majburiyatga o‘xshaydi, aslida ham bu uning ishi!” — deydi Victory Junction xodimlaridan biri.
Uayttop to‘qqiz ot, ikki quyon va ikki eshak bilan birga yashaydi. Lama Gas-Gas laqabli tog‘ buzog‘ini o‘zining eng yaqin do‘sti deb biladi. Buzoqcha ham Uayttopni bobosidek ko‘radi.
Muassasa xodimlari lamaning fe’l-atvori juda yuvosh ekanini ta’kidlashmoqda. Uayttop hech qachon tupurmaydi — bu lamalar orasida kamdan-kam uchraydigan holat. Biroq Uayttop och qolganda yoki boshqa hayvonlarning ortiqcha e’tiboridan charchaganida, ularga qarata tupurishga urinishi mumkin. Ammo u shunchalik qari ekanidan barcha urinishlari zoye ketadi.
Uayttop Victory Junction xodimlari yoki mehmonlari bilan birgalikda selfi tushishni juda yoqtiradi. Lama uchun rekord o‘rnatilgani munosabati bilan oromgohda kichik bayram uyushtirish va jonivorni maxsus noz-ne’matlar bilan siylash rejalashtirilmoqda.
Mavzuga oid

14:10
Amerikalik vazir mashhur qamoqxonadan turib noqonuniy migrantlarga murojaat qildi

13:35
Olimlar inson qanday qarishini yangicha usulda o‘rgana boshladi

12:32
Savdo urushidagi yangi operatsiya: Tramp avtomobil importiga 25 foizlik boj joriy etmoqda

09:22