O‘zbekiston | 19:55 / 03.03.2025
6378
8 daqiqa o‘qiladi

YTHlar va ularning fojiali oqibatlarini kamaytirish – Erali Bozorov qonunchilikdagi o‘zgarishlarning maqsadi haqida

Joriy yil 21 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonunlarga o‘zgartirish kiritildi. Xususan, jarima ballari tizimi joriy qilindi, drift, mast holda avtomobilni boshqarish, odam tashish qoidalarini buzish, gaz yoqilg‘isidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar va ularning maqsadi haqida Kun.uzʼga ma’lumot berdi.

Qonunning maqsadi haqida

Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad yo‘l harakati hodisalari oqibatida fuqarolarimiz hayoti va sog‘lig‘ini asrab qolishdek eng dolzarb muammolarga barham berishdir. Umuman olganda, har bir haydovchi yoki yo‘l harakati ishtirokchisi ko‘chaga chiqqanida uyiga salomat qaytishini o‘ylab harakat qiladi.

Shu bilan birga har bir haydovchi yo‘nalishga chiqayotganda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi lozim. Buning natijasida esa aholimizning bevaqt o‘limi, yo‘l-transport hodisalariga uchrab jarohatlanishining oldi olinadi.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Jinoyat protsessual kodeksiga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlar

Jumladan, MJtKga 6 ta yangi modda kiritildi va 29 ta moddaga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Kodeksga kiritilgan yangi moddalarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tsam. Misol uchun, kodeks 125-3-modda bilan to‘ldirilib, gaz yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Nima uchun aynan bu modda kiritildi deyilishi mumkin. Bugungi kunda respublikamizda mavjud transport vositalarining 80 foizi gaz yoqilg‘isidan, ya’ni suyultirilgan gaz yoki siqilgan tabiiy gazdan foydalanadi. Bularda gaz to‘ldirish shoxobchalarida texnik reglament belgilangan, lekin ayrim haydovchilar va shu gaz to‘ldirish shoxobchalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xizmatchilarimiz texnik reglamentga rioya qilmasligi oqibatida noxush holatlar kelib chiqmoqda. Lekin bunday holatlar aniqlanganda ularga nisbatan jazo beruvchi sanksiya yo‘qligi, ya’ni javobgarlik belgilanmagani ma’lum bo‘ldi. Shuni inobatga olgan holda, mana shu texnik reglament talablariga javob bermaganlik uchun javobgarlikning taqdim etilishi muhim edi. Misol qilib oladigan bo‘lsak, gaz to‘ldirish shoxobchalariga kirgan transport vositalariga belgilangan me’yordan ortiq gaz to‘ldirish yoki belgilangan muddatlarda sinovdan o‘tmagan gazballonga to‘ldirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Shunday holatlarning oldini olish va ushbu holatlarga jazoni belgilash maqsadida mana shu modda kiritildi.

Yana bir yangi kiritilgan modda — odam tashish qoidalarini buzganlik uchun MJtKga 128-8-modda kiritildi. To‘g‘ri, oldin ham odam tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bor bo‘lib, BHMning yarim baravari miqdorida jarima belgilangan edi. Lekin amaliyotda o‘rganish natijalarida, masalan, bitta Damasʼda salkam yigirmata bolani tashish, yoki Sparkʼka o‘ndan ortiq bolani ortib olib tushish kabi qo‘pol holatlar kuzatilmoqda. Bunday holatlarning oldini olish, mana shu huquqbuzarlik uchun sanksiyani kuchaytirish maqsadida mazkur yangi modda kiritildi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 128-10-modda kiritilib, yo‘l bezoriligi bo‘yicha javobgarlik belgilandi. Agar bu moddaning dispozitsiyasiga qaraydigan bo‘lsak, mana shu yo‘llarda guruh bo‘lib harakatlanish, boshqa transport vositalari harakatiga xalaqit berish holatlari ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p tarqalyapti. Bu esa to‘y marosimlarida o‘n yoki yigirma transport vositalarning birdaniga yo‘l-transport hodisalariga duch kelgan holatlarga olib kelyapti. Shu sababli, bu huquqbuzarlik uchun javobgarlik kiritildi va jazo sifatida katta jarima yoki haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish belgilandi. Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar

Bundan tashqari, qonun bilan Jinoyat kodeksiga 5 ta yangi modda kiritilib, uchta moddaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Misol uchun, davlat raqami belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini noqonuniy tayyorlaganlik, foydalanganlik va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Oxirgi paytlarda amaliyotda ko‘p marotaba qalbaki davlat raqami belgilari bilan harakatlanishi holatlari kuzatilmoqda. Lekin bunday transport vositalarini aniqlaganimizda amaldagi qonunchilikda jazo belgilanmagan edi. Shu sababli, mazkur huquqbuzarlik Jinoyat kodeksiga kiritildi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda haydovchilarni o‘qitmasdan, tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berish holatlari ham kuzatilmoqda. Shu sababli Jinoyat kodeksiga 228-2-modda kiritilib, haydovchilarni tayyorlash, imtihondan o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Jarima ballari tizimi haqida

Jarima ballari tizimi yangi institut. Bu jazo emas, balki qo‘shimcha jazo chorasi hisoblanadi. Bu ma’muriy kodeksda ham belgilangan. Shuni inobatga olgan holda, xorijiy tajribani, qo‘shni davlatlarning tajribalarini o‘rgandik. O‘n ikkita moddaga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida jarima ballarni hisoblash belgilab olindi. Nima uchun maksimum 12 ball deyilishi mumkin? Xorijiy tajribani o‘rganganda bir xil joylarda yuz ball bo‘lishi ham mumkin, ammo bizda maksimum ikki ball hisoblangan. Ya’ni bu yerda ikki ballgacha jarima ballarni hisoblash mumkin: 0.5 bo‘lishi mumkin, 1 bo‘lishi mumkin, 1,5 bo‘lishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda to‘liq 12 ball deb oldik. Hisoblash soddaligini inobatga olgan holda o‘n ikki ball, yana xorijiy tajribalar ham inobatga olindi.

Korrupsion holatlarning oldini olish borasida

Jarima ballari tizimida haydovchilar ballarini ko‘paytirmaslik uchun korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi borasida ishlar qilinyapti. Bu norma kiritishdan oldin ham bizning vazifamiz ko‘chada xizmat olib borayotgan yo‘l-transport hodisalari faoliyati ustidan nazorat qilish edi. Albatta, bunda eng asosiy e’tibor xodimlarning xizmat faoliyatini nazorat qilib borishda raqamlashtirishga, ya’ni axborot texnologiyalaridan to‘liq foydalanishga qaratilgan. Bugungi kunda xabaringiz bor, xodimlar bodi-kameralar yordamida xizmat olib boradi. Bundan tashqari, har bir xodimning qo‘liga planshet berilgan, bu planshet ham xodimlarni nazorat qilish vositasi sifatida foydalanilmoqda. Bundan tashqari, xizmat avtomashinalariga GPS moslamalari o‘rnatilgan, bu orqali xodimlarning bevosita harakatlari nazorat qilib boriladi. Yana bir narsa, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida monitoring guruhi tashkil qilingan. Ular bevosita xodimlarni nazorat qilib borish uchun yo‘lga qo‘yilgan. Agar ular tomonidan ayrim qoidabuzarliklar yoki qonunbuzarliklar aniqlansa, ularga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, tegishli intizomiy chora-tadbirlar qo‘llanadi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid