O‘zbekiston | 19:01 / 03.03.2025
1460
2 daqiqa o‘qiladi

Sifatli navlarni yaratish tajribasini o‘rganish bo‘yicha Italiya bilan hamkorlik qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 mart kuni qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Unda ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 200 million dollar sarmoya kiritilib, paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.

Sifatli navlarni yaratish tajribasini o‘rganish maqsadida Italiyadagi Bolonya, Tushia, Ferrara, Piza oliygohlariga bu yil 200 nafar yoshni yuborish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Tushia universitetida yiliga 30 nafar oziq-ovqat texnologini grant asosida o‘qitish, O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, dunyo tajribasini o‘rganishda o‘qish-ishlash dasturlari ham qo‘l keladi. Masalan, Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘tgan yili bir guruh talabani Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.

Taqdimotda rejalar qo‘llab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid