O‘zbekiston | 13:22 / 03.03.2025
2153
3 daqiqa o‘qiladi

Xizmatlar sohasiga 3 mln kishi jalb qilinadi

Prezidentning "Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025 yil uchun xizmatlar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi:

  • xizmatlar hajmini 15 foizga oshirish;
  • sohada 3 million kishini daromadli mehnat bilan ta’minlash;
  • 52,2 mingta xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etish.

Prezidentning "Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida nazarda tutilgan 1 foizlik ijtimoiy soliq stavkasining amal qilish muddati 2028 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

2025 yilda quyidagilar rejalashtirilgan:

  • xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 67,4 trillion so‘m miqdorida kredit mablag‘lari;
  • xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etish uchun developerlar orqali tadbirkorlik sub’yektlariga noturar joylarni lizingga berishga 4,5 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

2025 yil 1 iyuldan boshlab xususiy sektorga o‘tkaziladigan davlat xizmatlari va funksiyalari ro‘yxati tasdiqlandi.

2025 yil 1 apreldan boshlab soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik sub’yektlarida soliqqa oid huquqbuzarliklar (ro‘yxat bo‘yicha) aniqlanganda:

  • birinchi marta ogohlantirish beriladi;
  • ogohlantirishdan so‘ng uch kun muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishga asos bo‘ladi; sayyor soliq tekshiruvi faqat qarorga 4-ilovada keltirilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha amalga oshiriladi, shuningdek uni tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshirishga ruxsat etiladi;
  • sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi. 

2025 yil 1 maydan boshlab "Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash" avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlariga tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’yektini xabardor qilish talabi tatbiq etilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid