«Korrupsiya aralashmadi, tepadan bosim bo‘lgani yo‘q» - U-20 bosh murabbiyi Farhod Nishonov
6 mart kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida O‘zbekiston U-20 bosh murabbiyi Farhod Nishonov va uning murabbiylar shtabi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston yoshlar jamoasining Xitoyda o‘tgan Osiyo kubogidagi ishtirokiga bag‘ishlandi. Farhod Nishonov shogirdlari chorakfinalda Janubiy Koreyaga (3:3, pen, 1:3) yengilib, jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qolgandi.
«Ayrim insonlar, qo‘shtirnoq ichidagi jurnalistlar har xil gaplar bilan bizning ishimizni bo‘rtirrib, shubhali gaplar qilib, tuhmat qilishmoqda. Biz shu vaqtga hech qanday shubhali ish qilmaganmiz. Maqsadimiz nima ekanligini aniq bilardik. Vatan uchun xizmat qilganmiz.
Natijaga murabbiy javob beradi. Bu normal holat. Tushkunlikka tushmaymiz. O‘yinlarni ko‘rdingiz, ozgina omad yetishmadi. Penaltilar seriyasida manaman degan futbolchilar ham gol ura olishmagan. Bu bosim yoki ruhiy holat emas, shunchaki omad bilan bog‘liq deb o‘ylayman" - dedi u.
- Osiyo chempionati oldidan jamoamiz keragidan ortiq yig‘in o‘tkazdimi?
- Biz Koreya yoki Yaponiyaga tushishimiz ehtimolini qur’adan so‘ng bildik. Ular ham bizga o‘xshab 20 tacha o‘yin o‘tkazgan. Norasmiylari ham bor.
Klublar 15 yanvardan yig‘inga kirishyapti. Ichki chempionat noyabrda tugayapti, Osiyo chempionati fevralda boshlanadi. Siz yigitlarni 20 yanvarda qit’a chempionatiga olib ketarmidingiz? Musobaqaga tayyorgarlik, tiklanish bor, shuning uchun yig‘inni ertaroq boshladik.
Agar penaltilar seriyasida yutganimizda, hozir bizga boshqacha savol berayotgan bo‘lar edingiz.
Avvalgi anjumanda Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda futbolchilarning jismoniy holati qizil hududga tushib qoldimi, deb savol berishgandi. Bu o‘yinchilarning holati yomon degani emas. Qolaversa, ichkaridan bu ma’lumotlarni tashqariga olib chiqqan futbolchilar jamoadan chetlatilgan. Jismoniy holatdan muammo bo‘lmagan.
Muammo o‘yinchilarning jarohatlari bo‘ldi. Bu bizni ko‘p qiynadi. O‘rinboyevda, Haydarovda, Xayrullayevda, Rizaqulovda, Fayzullayevda, Ibragimovda, Muratboyevda aynan, o‘yinlardan oldin jarohat olishgandi. Kimlardir klublaridagi eski jarohatlar bilan kelgandi.
- O‘rinboyev muhim o‘yinlar sabab operatsiya qilinmadimi?
- Rentgen qog‘ozlarni ular yosh bo‘lgani uchun turlicha ko‘rsatishi mumkin. Qatarda FIFAning eng kuchli klinikasida tekshirtirganimizda hech qanday operatsiya kerak emasligi, individual ishlash loziligini aytishdi. Keyin shunday qildik. U bilan alohida shifokor ishladi, orada Turkiyaga borib davolanib keldi va oxirgi o‘yinlarimizda umumiy guruhga qo‘shildi.
- Jurnalistlarning aynan qaysi gaplari, ma’lumotlari jahlingizni chiqardi?
- Ishonch bilan ayta olamanki, jamoaga hech qanday korrupsiyani aralashtirmadik. Yuqoridan hech qanday bosimlar bo‘lmadi. Rahbariyat bizni qo‘llab-quvvatladi. Bu davrda o‘yinchilarning formasi har xil bo‘ladi. Kimdir erta, kimdir kech o‘sadi. O‘zini ko‘rsata olmagan o‘yinchilarimiz bo‘ldi. Ularga vaqt yetmadi, ba’zilari jarohat sabab bo‘ldi.
Kimlardir jamoaning yig‘inlaridan norozi bo‘lgan. U yoshlar milliy jamoada o‘ynamasa, qanday qilib o‘sadi. Superliga bilan Proliga, yoshlar ligasining farqi juda ham katta. Superliga klublari ularni o‘ynatmagani uchun aybdor emas. Ularning ham o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalari bor. Vaqti kelib yoshlar ham asosiy jamoasida o‘ynab ketadi.
FIFA kunlarida Argentina, Fransiya chaqirsa bormaysizmi, o‘ynamaysizmi? Ular bizni o‘zimizga munosib raqib sifatida ko‘rgani uchun ham chaqirishyapti. Koreya Yaponiya bittayam o‘yin o‘tkazmadi deyishyapti. Vaholanki, biz koreyslar bilan ham yaponlar bilan ham o‘ynaganmiz. Ular ham musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishdi. Osiyo kubogi boshlanishiga jamoasini yig‘ib kelayotgani yo‘q axir.
Futbolchilarni to‘g‘ri tushunish kerak. Xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlar yoshlarimiz uchun katta tajraba bo‘lyapti. Ularni qaysidir gaplarga ishonib, yo‘llarini to‘sish kerak emas. Ular hali yosh va vaqti kelganda klublarida ham o‘ynaydi. Yoshlar milliy jamoasi ularni klublariga tayyorlab beradi.
- Laziz Mirzayev va Amirbek Saidov raqobatda yengilishdimi?
- Ular klublarida bo‘lishi kerak edi. Lekin biz kutgan formada kelishmadi va shunchaki raqobatda yengilishdi.
- Murabbiylar shtabini o‘zingiz shakllantirdingizmi?
- Bu jamoaga kelganimda hozirgi shtat bor edi. Keldim va ular bilan ishlab ko‘rdim. Hammasi o‘z ishini yaxshi biladi va asosiysi o‘z ishida toza insonlar ekan. Shuning uchun shu shtab bilan qoldim va oxirigacha ishonaman.
- Jamoadagi faoliyatingizni davom ettirasizmi?
- Bizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik. Maqsadimiz chempionlik edi va jahon chempionatga ham chiqa olmadik. Murabbiymiz va hammasini to‘g‘ri tushunamiz. Ishdan bo‘shatishsa, boshqa klubimiz bor va o‘sha yerda ishlaymiz. Katta ehtimol bilan boshqa murabbiylarga berishar. Buni rahbariyat hal qiladi.
Tavsiya etamiz
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
Isroil Suriyani bombaladi. Turkiya nega sukutda?
Jahon | 12:44 / 06.05.2025
May oyida vodiyda me’yorga yaqin harorat kutiladi, mamlakatning katta qismida oy xuddi iyun kabi o‘tadi
O‘zbekiston | 11:17 / 06.05.2025
Mavzuga oid

04:42 / 31.05.2023
O‘zbekiston yoshlar jamoasi Isroildan 90+7-daqiqada to‘p o‘tkazib, jahon chempionatini tark etdi

04:07 / 27.05.2023
JCh U-20. O‘zbekiston Gvatemalani mag‘lub etib, guruhdan chiqdi

01:07 / 24.05.2023
JCh U-20. O‘zbekiston Yangi Zelandiya bilan bahsda kambek qilib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

04:14 / 21.05.2023