Jahon | 04:48 / 06.03.2025
9846
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya Fransiya va Yevropa uchun tahdidga aylandi». Makron fransuz xalqiga murojaat yo‘lladi

Emmanuel Makron Rossiya Shimoliy Koreya askarlari va Eron harbiy texnikalaridan foydalanib, Ukrainadagi urushni «global mojaro»ga aylantirib yuborganini ta’kidladi. Shuningdek, u «Ukraina kapitulyatsiyasi orqali» tinchlikka erishib bo‘lmasligini aytdi.

Foto: Le Figaro

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat xalqiga murojaat yo‘llab, Rossiya butun Yevropa uchun tahdid ekanini ma’lum qildi.

Makron o‘z murojaatini fransuzlarni «asosli tashvishga solayotgan» «xalqaro vaziyat» bilan izohladi. U AQSh Ukrainadagi urush bo‘yicha «o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgani» va Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar joriy etishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

«Biz yangi davrga kirib boryapmiz», — dedi Makron. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Shimoliy Koreya askarlari va Eron harbiy texnikalaridan foydalanib, Ukrainadagi urushni «global mojaro»ga aylantirib yuborgan. Shuningdek, u Rossiya o‘zining harbiy potensialini oshirayotganini qayd etdi. Fransiya prezidentining fikricha, Yevropa AQSh «ular tarafida bo‘lmasligiga» tayyor turishi kerak.

«Rossiya Ukrainada to‘xtashiga kim ishonadi? Rossiya Fransiya va Yevropa uchun tahdidga aylandi… Men aytayotgan vaziyat rostdan ham aynan shunday va biz buni hal etishimiz kerak. Va tinchlikka eltuvchi yo‘l Ukrainasiz bo‘la olmaydi. Ukraina kapitulyatsiyasi orqali tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Biz Rossiya Ukrainaga bosqinini 2014 yilda boshlaganini unuta olmaymiz. Biz Minskda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganmiz», — dedi Makron.

Makronning ma’lum qilishicha, Yevropa ittifoqchilari bilan ishlash Fransiya manfaatlariga mos keladi. Keyingi hafta u «mustahkam tinchlik»ni yaratishda ishtirok etishni xohlovchi davlatlarning rahbarlarini to‘playdi. Fransiya ushbu rejani Ukraina va Yevropadagi boshqa sheriklari bilan tayyorlagan.

«Ukrainada tinchlik tez o‘rnatiladimi yoki yo‘q, Yevropa davlatlari o‘zini yaxshiroq himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Biz mudofaamizni kuchaytirishimiz lozim. Bu masalada biz NATOga sodiqmiz, ammo o‘z mustaqilligimizni mustahkamlashimiz darkor. Yevropaning kelajagi Vashington va Moskvada hal etilishi kerak emas», — deya ta’kidladi Makron.

Fransiya prezidenti, shuningdek, «Yevropadagi ittifoqchilari bilan yadroviy tiyib turish bo‘yicha» munozarani boshlashga qaror qilganini aytdi. «Nima bo‘lganda ham qaror doim prezident, qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni tomonidan qabul qilinadi va uning qo‘lida qoladi», — dedi Makron.

«Yevropadagi eng samarali armiyaga egamiz va bizda yadroviy tiyib turish imkoniyati bor. Bu bizni qo‘shnilarimizdan ko‘ra yaxshiroq himoya qiladi», — deya ta’kidladi Fransiya prezidenti.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid