Jahon | 19:36 / 07.03.2025
2405
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kompaniyasi Ukrainaga sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanishini chekladi

Maxar Technologies suratlaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklov AQSh hukumatining Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini berishni taqiqlagani bilan bog‘lanmoqda.

Foto: Getty images

Amerikaning Maxar Technologies kompaniyasi Ukrainaga o‘zining sun’iy yo‘ldosh suratlaridan foydalanishni cheklab qo‘ydi. Bu haqda «Militarniy» nashri servisning bir nechta foydalanuvchilariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, kompaniya o‘z qarorini «ma’muriy so‘rov» bilan asoslagan. Maxar suratlaridan foydalanish imkoniyati yopib qo‘yilgani to‘g‘risidagi «KiberBoroshno» OSINT jamiyatida (ochiq manbalar bo‘yicha razvedka) ham ma’lum qilingan. Kompaniyaning o‘zi hozircha holatga izoh bermadi.

«Militarniy» Maxar suratlaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovni AQSh hukumatining Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini berishni taqiqlagani bilan bog‘lamoqda.

Maxar Technologies — tijoriy sun’iy yo‘ldosh suratlarini taqdim etadigan asosiy kompaniyalardan biri. Ukrainalik foydalanuvchilar uning suratlari yordamida Rossiya qo‘shinlari harakatini kuzatishi hamda berilgan zarbalar oqibatini qayd etib borishi mumkin edi. Maxar sun’iy yo‘ldoshlari yordamida olingan kadrlardan, shuningdek, dunyo ommaviy axborot vositalari ham foydalanib keladi.

5 mart kuni Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib, AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatgani haqida yozgandi. Fox News jurnalisti Jyeki Xaynrixning ma’lum qilishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Li Retkliff AQSh «butun dunyoda tinchlikni ta’minlash uchun barchani javob berishga chaqirish maqsadida razvedka frontida tanaffus» olganini «yashirincha tasdiqlagan».

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid