Ilon Mask Oq uyda davlat kotibi Marko Rubio bilan janjallashdi – OAV
Rubio va Mask o‘rtasidagi mojaro davomida Donald Tramp hech narsa demagan va shunchaki nima bo‘layotganini kuzatgan, deb yozadi NYT.

Foto: Pete Marovich / The New York Times
6 mart kuni Oq uyda AQSh hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida mojaro yuzaga keldi. Bu haqda The New York Times (NYT) xabar berdi.
Gazetaning manbalariga ko‘ra, Mask Rubioga «so‘z hujumini qilgan», jumladan, Davlat departamenti xodimlarini qisqartirishga qodir emasligini aytgan. Uning fikricha, Rubio «hech kimni ishdan bo‘shatolmagan».
Bunga javoban Davlat kotibi Mask yolg‘on gapirayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Davlat departamentining 1500 nafar xodimi tovon puli evaziga ishdan ketgan.
NYT nashrining ta’kidlashicha, Rubio so‘nggi bir necha hafta ichida Maskdan, jumladan, hukumatni qisqartirishga bo‘lgan yondashuvidan darg‘azab edi. Oq uydagi uchrashuvda esa buni baland ovozda aytgan.
Ta’kidlanishicha, Rubio va Mask o‘rtasidagi mojaro davomida Donald Tramp hech narsa demagan va shunchaki nima bo‘layotganini kuzatgan. Bahs cho‘zilib ketganidan keyin AQSh prezidenti aralashib, Rubio «ajoyib ish qilyapti» degan.
NYT so‘roviga javoban Trampning ayishicha Mask va Rubio o‘rtasida «hech qanday kelishmovchilik» yo‘q.
Politico xabariga ko‘ra, Tramp DOGE faoliyatini muhokama qilish uchun vazirlar mahkamasi yig‘ilishini chaqirgan. AQSh prezidenti yig‘ilishda Mask faqat kadrlar masalalari bo‘yicha departament rahbarlariga tavsiyalar berishi mumkinligini va yakuniy qaror huquqi yo‘qligini aytgan. Nashrning qayd etishicha, Tramp DOGE rahbari vakolatlarini cheklash bo‘yicha birinchi muhim qadamni qo‘ygan. AQSh prezidenti hukumatda o‘z ishini yaxshi bajaradigan xodimlarni saqlab qolishga harakat qilishini ta’kidlagan.
Mavzuga oid

22:24 / 12.03.2025
Kreml Putin va Tramp uchrashuvi ehtimolini muhokama qilmoqda – OAV

18:24 / 12.03.2025
Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmasa, qo‘shimcha sanksiyalarga duchor bo‘lishi mumkin

18:17 / 12.03.2025
AQSh Ukraina bilan hududiy yon berish masalasini ham muhokama qilgani ma’lum bo‘ldi

17:27 / 12.03.2025