Jahon | 19:36 / 09.03.2025
4519
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: AQSh Kanada bilan birga Rossiyaning «soyadagi floti»ni kuzatishdan bosh tortdi

AQSh Kanada taklifiga nafaqat veto qo‘ygan, balki qo‘shma bayonotdan Rossiyaga nisbatan «sanksiyalar» jumlasi o‘chirib tashlanishini ham talab qilgan.

Foto: picture-alliance/dpa/AP Photo

AQSh hukumati Kanadaning Rossiya «soyadagi floti»ni kuzatish uchun maxsus guruh tuzish to‘g‘risidagi taklifini rad etdi. Bu haqda Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, taklif «katta yettilik» davlatlari TIV rahbarlarining sammiti yakuni bo‘yicha qabul qilinishi kerak bo‘lgan dengiz masalalari to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni tayyorlash vaqtida ko‘rib chiqilgan. G7 sammiti 12-14 mart kunlari Kanadaning Kvebek provinsiyasida bo‘lib o‘tadi.

Agentlikning aniqlashicha, AQSh Kanada taklifiga nafaqat veto qo‘ygan, balki qo‘shma bayonotdan Rossiyaga nisbatan «sanksiyalar» va uning Ukrainada «urush olib borish qobiliyati» jumlalarini o‘chirib tashlashni talab qilgan.

Fevral oyida Financial Times gazetasi AQSh Ukrainadagi urushga uch yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan G7 sammiti qo‘shma bayonotida Rossiyaning «bosqinchi» deb atalishiga qarshi chiqqani haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz 4 mart kuni AQShning Kanada tovarlari importiga 25 foizli bojlari kuchga kirdi. Bunga javoban Ottava Amerika tovarlariga ham shu kabi bojlarni joriy etdi. Shundan so‘ng Donald Tramp Kanada mahsulotlari uchun bojlarni ikki barobarga oshirishni va’da qildi, Jastin Tryudo esa Amerika prezidentini savdo urushini boshlashda aybladi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish