Jahon | 15:02 / 09.03.2025
3037
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya, Xitoy va Eron Hind okeanida qo‘shma harbiy o‘quv mashqlarini o‘tkazadi

Harbiy-dengiz o‘quvlari «uch mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlikni chuqurlashtirish»ga qaratilgan.

Foto: AP

Xitoy, Rossiya va Eron Harbiy-dengiz kuchlari mart oyining birinchi yarmida O‘mon ko‘rfazi akvatoriyasida qo‘shma o‘quv mashqlarini o‘tkazadi. Bu haqda Xitoy Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, «Xavfsizlik kafolati—2025» nomi ostidagi harbiy-dengiz o‘quvlari «uch mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlikni chuqurlashtirish»ga qaratilgan.

Mehr axborot agentligi Hind okeanining shimoliy qismida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan o‘quvlar to‘g‘risidagi xabarni tasdiqladi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, u 11 mart kuni boshlanadi. O‘quv mashqlarida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi, shuningdek, Rossiya va Xitoy Harbiy-dengiz kuchlarining jangovar hamda yordamchi kemalari ishtirok etadi.

Qayd etilishicha, bu Eron, Rossiya va Xitoy ishtirokida o‘tkazilayotgan birinchi o‘quv mashqlari emas. Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari 2019, 2022, 2023 va 2024 yillarda ham tashkil etilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Hind okeanida o‘tkaziladigan mazkur qo‘shma o‘quv mashqlariga hozircha rasman izoh bermadi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid