Jahon | 11:23 / 11.03.2025
5511
3 daqiqa o‘qiladi

Filippin sobiq prezidenti Rodrigo Duterte hibsga olindi

Duterte o‘tgan yil oktyabrida senatorlarning narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashi haqidagi savollariga javob bergandi.

Foto: Getty Images

Filippinning sobiq prezidenti Rodrigo Duterte Manila xalqaro aeroportiga qo‘nganidan so‘ng Xalqaro jinoiy sud buyrug‘i bilan politsiya tomonidan hibsga olindi.

«Erta tongda Manila Interpoli XJSdan hibsga olish to‘g‘risidagi buyruqning rasmiy nusxasini oldi. Ayni paytda u [Duterte] hibsda», – deyiladi AFP agentligi iqtibos keltirgan prezident devoni bayonotida.

Sud Duterte prezidentligi davridagi giyohvand moddalar savdosiga qarshi amaliyotlar bilan bog‘liq ehtimoliy jinoyatlar yuzasidan tergov o‘tkazmoqda.

U bir necha bor giyohvand moddalar sotuvchilarni jismoniy jazolashga chaqirgan va o‘zi giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi uch kishini o‘ldirganini aytgan. Mamlakatda u giyohvand moddalar savdosiga qarshi e’lon qilgan urushda, jumladan, suddan tashqari qatllar natijasida minglab odamlar halok bo‘lgani taxmin qilinadi.

AFP Xalqaro jinoiy sudga tayanib yozishicha, ayni vaqtda 79 yoshda bo‘lgan sobiq prezident inson huquqlari himoyachilari hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘n minglab kishi, jumladan, giyohvand moddalarga aloqasi isbotlanmagan odamlar ham halok bo‘lgan qatag‘onlar tufayli insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Sobiq prezident qisqa muddatli tashrifdan keyin Hongkongdan Cathay Pacific samolyotida Manilaga uchib kelgan. Avvalroq Duterte sud oldida javob berishga tayyorligini aytgandi.

Dutertening sobiq advokatlari hibsga olishni noqonuniy deb atadi, deb yozadi Reuters.

Politsiyachilar sobiq prezident qaytishiga tayyor edi – aeroportlar va boshqa transport tugunlariga minglab xodimlar yuborilgandi.

Filippin 2019 yilda Dutertening buyrug‘i bilan XJSdan chiqib ketgan, biroq sud ungacha sodir etilgan jinoyatlar, jumladan, Duterte mer bo‘lgan Davao shahridagi qotilliklar ustidan yurisdiksiyaga ega ekanini ma’lum qilgan.

Rasmiy tergov 2021 yil sentabr oyida boshlangan, biroq Filippin hukumati giyohvand moddalarga qarshi operatsiyalar bo‘yicha yuzlab ishlarni qayta ko‘rib chiqayotganini bildirganidan keyin to‘xtatilgan.

Ishni ko‘rib chiqish 2023 yil iyul oyida besh nafar sudyadan iborat hay’at Filippin rasmiylarining sudda bunga yurisdiksiya yo‘qligi haqidagi e’tirozini rad etganidan keyin qayta tiklangandi.

Mavzuga oid