O‘zbekiston va Fransiya: asosiy hamkorlik yo‘nalishlari qaysilar?
O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi oldidan London Post nashrida O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida katta maqola e’lon qilindi. Unda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda maxsus iqtisodiy zonalarning ahamiyati hamda Fransiya-O‘zbekiston hamkorligining so‘nggi yillardagi rivoji haqida so‘z boradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
2023 yili qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” nomli taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, joriy o‘n yillik oxiriga kelib O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan.
Buning uchun barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, atrof-muhitni asrash, shuningdek, insonlar ehtiyojlariga qaratilgan davlat xizmatlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan, deb yozadi London Post.
So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlari qanday?
Mamlakatda 2017 yildan buyon YaIMning o‘rtacha yillik o‘sishi 5,3 foizni tashkil etib, bu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar darajasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallash imkonini berdi. 2018 yilda YaIM o‘sishi 5,4 foizni tashkil etdi, bu mamlakat iqtisodiyotining ijobiy dinamikasidan dalolat beradi. 2019 yilda iqtisodiyot 5,6 foizga o‘sib, barqaror rivojlanish tendensiyasini davom ettirdi. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq global iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning 0,7 foizlik ijobiy o‘sishini saqlab qoldi. 2021 yildayoq iqtisodiyot tiklanib, YaIM 7,4 foizga o‘sdi.
Keyingi yil YaIM o‘sishi 5,8 foizni ko‘rsatib, iqtisodiy rivojlanish barqaror ketayotganini tasdiqladi. 2023 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti birinchi marta 100 milliard dollardan oshdi va 115 milliard dollarni tashkil etdi. Nihoyat, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 130 milliard AQSh dollarigacha ko‘tarildi, bu mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishidan dalolat beradi. Bunday ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va sa’y-harakatlarning muvaffaqiyatini aks ettiradi.
2023—2025 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda. Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2024 yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 20 ta maxsus iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Ularning rezidentlari sifatida 771 ta korxona ish olib bormoqda. Mazkur hududlardagi sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmi mamlakat iqtisodiyotining sezilarli qismini tashkil etadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar nima uchun kerak?
Maxsus/erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) — mamlakat ichida investitsiyalarni jalb qilish, sanoat, savdo va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan alohida iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar amal qiladigan muayyan hududlardir.
EIZlarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
· Imtiyozli soliq tizimi — foyda solig‘i, bojxona bojlari va boshqa yig‘imlarning kamaytirilgan yoki nol stavkalari;
· Soddalashtirilgan bojxona tartib-qoidalari — tovarlarni sezilarli byurokratik to‘siqlarsiz erkin olib kirish va olib chiqish imkoniyati;
· Investorlar uchun kafolatlar — biznes yuritishning barqaror va shaffof qoidalari;
· Infratuzilmani rivojlantirish — logistika, transport, energiya ta’minoti kabi biznes yuritish uchun zarur sharoitlar yaratilgani.
EIZ turlariga kelsak, ularni beshta zonaga bo‘lish mumkin: tovarlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sanoat (ishlab chiqarish) zonalari; ilmiy tadqiqotlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlaydigan texnologik (innovatsion) zonalar; soddalashtirilgan tranzit va omborga joylashtirishga qaratilgan logistika zonalari; turizm va mehmonxona biznesini rivojlantirish uchun sayyohlik zonalari hamda banklar va investitsiya kompaniyalari uchun maxsus sharoitlarga ega bo‘lgan moliya zonalari.
Maxsus iqtisodiy zonalar boshqa davlatlar singari O‘zbekiston iqtisodiy siyosatida ham muhim o‘rin tutadi. Ular investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish, eksportni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida tashkil etilmoqda.
O‘zbekistonda dastlabki EIZlar tashkil etilganidan buyon 2008—2022 yillarda ularning hududlarida 3,2 milliard dollarlik 604 ta loyiha amalga oshirildi, shundan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qariyb 896,9 million dollarni tashkil etdi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish 55 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam berdi.
Maqolada bunday zonalar qatorida ishlab chiqarish va texnologiyalarga qaratilgan “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Yashnobod” zonalari, turizm va dam olishni rivojlantirishga qaratilgan “Chorvoq”, “Beldirsoy”, “Amirsoy” kabi turistik-rekreatsion zonalar, farmatsevtika sanoati va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Boysun-farm”, “Andijon-farm”, “Parkent-farm” va boshqa sohalardagi yana ko‘plab zonalar sanab o‘tilgan.
Ko‘plab iqtisodiy zonalar yirik shaharlardan tashqarida joylashgan bo‘lib, bu infratuzilmani rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi. Shu tariqa logistika, transport qulayligi yaxshilanadi, yo‘llar, omborlar, sanoat obektlari qurilishi rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, maxsus zonalar eksportni oshirishda muhim rol o‘ynaydi. EIZlarda eksportga raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan korxonalar tashkil etilmoqda. Bu mamlakatning importga qaramligini kamaytiradi va valuta tushumlarini oshiradi.
Qolaversa, EIZlar soliq va bojxona imtiyozlari sharofati bilan xorijiy investitsiyalarni ham faol jalb qiladi.
O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar doirasida ekologik toza ishlab chiqarish va barqaror rivojlanishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qadamlar amalga oshirilmoqda.
EIZlarda “yashil” loyihalarning istiqbolli yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Qayta tiklanuvchi energetika — quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- Sanoat va kommunal-maishiy sohada energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan innovatsion yechimlarni joriy etishni nazarda tutuvchi energiya samaradorligi texnologiyalari.
- Barqaror qishloq xo‘jaligi — kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish, shuningdek, suv resurslarini tejash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish;
- Ekologik turizm — atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadigan turistik obektlarni, ayniqsa, turistik-rekreatsion zonalarda rivojlantirish.
Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlarni faol jalb etmoqda. 2024 yilda chiqindilarni energiyaga qayta ishlash bo‘yicha qariyb 1,3 milliard dollarlik loyihalar e’lon qilindi. Ularning amalga oshirilishida Xitoy (CAMC Engineering va Shanghai SU Environment), Birlashgan Arab Amirliklari (Tadweer Group) hamda Janubiy Koreya (Sejin) kompaniyalari ishtirok etmoqda. 2027 yilga kelib, mazkur korxonalar yiliga 4,7 million tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, 2,1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston — Fransiya hamkorligi
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik ham so‘nggi yillarda sezilarli darajada mustahkamlanib, turli sohalarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi va rejalashtirilishiga erishildi. Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025 yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategik hamkorlik dasturi imzolandi. Umumiy budjeti 1 milliard yevrodan oshgan dastur quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi: qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori, transport.
Fransiyaning Veolia kompaniyasi mamlakatda faol ish olib bormoqda. Veolia — suv resurslarini boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash va energetika xizmatlarida ixtisoslashgan fransuz transmilliy korporatsiyasi. Dunyoning 60 ga yaqin mamlakatida kompaniya filiallari faoliyat yuritadi, unda taxminan 218 000 xodim mehnat qiladi. Veolia O‘zbekistonda o‘zining Veolia Energy Uzbek sho‘ba korxonasi orqali faoliyat yuritmoqda. 2022 yil 1 iyuldan mazkur kompaniya Toshkent shahridagi markaziy isitish tizimi operatori bo‘lib ishlashni boshladi. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari poytaxt issiqlik tarmoqlarini ishlatish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqarishdan iborat.
Kompaniya infratuzilmani modernizatsiya qilishga, xususan, issiqlik tarmoqlarining ishonchliligini va samaradorligini oshirish maqsadida ularni qayta qurish va yangilashga e’tibor qaratadi. Shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalar va amaliyotlarni joriy etish orqali tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi sarfini kamaytirish ustida ishlaydi. Ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun CO₂ va boshqa ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini kamaytirishga harakat qiladi, bu esa mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida 9,2 mlrd m3 tabiiy gaz, 3,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 1,1 mlrd m3 ichimlik suvini tejash rejalashtirilgan — bu jami 13,6 trln so‘mga yaqin mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Fransiyaning Alstom kompaniyasi O‘zbekistonda tramvay liniyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Fransiya tashqi savdo vaziri Olive Bextning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazilib, unda Fransiya investitsiyalari ishtirokida tramvay infratuzilmasini rivojlantirish rejalari muhokama qilingan.
Fransiyaning Montagne et Neige Développement kompaniyasi Chimyon tog‘larida umummavsumiy kurort qurish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Mazkur loyiha hududning turizm salohiyatini rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishga qaratilgan.
Samarqandda Fransiya alyansi filialining ochilishi fransuz tili ixlosmandlari uchun ilm-fan va ta’lim sohasida katta voqea bo‘ldi.
Alyansning O‘zbekistondagi birinchi filiali 2015 yilda Toshkentda ochilgandi. Samarqand shahrida ikkinchi filialning ochilishi madaniy aloqalarni mustahkamlash, mintaqada fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Filialning tantanali ochilish marosimi 2023 yil noyabr oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari markaz imkoniyatlari bilan tanishib, alyansning Samarqanddagi faoliyati ikki davlatning yanada yaqinlashishi va do‘stligini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston o‘z kelajagini ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xorijiy mamlakatlar va kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlik qilish orqali faol ravishda qurmoqda, deyiladi maqolada.
Bu jarayonda mintaqaning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishining muhim drayverlariga aylanib borayotgan maxsus iqtisodiy zonalar alohida rol o‘ynaydi. Ushbu zonalar investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion yechimlarni joriy etish va yangi tarmoqlarni, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish uchun eng maqbul sharoitlarni yaratadi.
O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarda soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda, bu esa mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiladi. Xususan, ushbu zonalar sanoatni, qayta tiklanadigan energiya manbalarini va ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar infratuzilmani zamonaviylashtirish, atrof-muhitni yaxshilash, shuningdek energetika va chiqindilarni boshqarish kabi muhim sohalarda innovatsiyalarni joriy etishga ko‘maklashmoqda.
Xalqaro hamkorlar, jumladan Fransiya bilan hamkorlik, jahon tendensiyalariga mos keladigan loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston investorlar va hamkorlar uchun jozibador mamlakatga aylanib bormoqda, uning iqtisodiyoti esa barqaror o‘sish va texnologik taraqqiyot yo‘nalishida rivojlanishni davom ettirmoqda.
Mavzuga oid

11:20
Makron ittifoqchilarni Kiyev uchun kafolat rejasini ishlab chiqishga chaqirdi

22:44 / 11.03.2025
Fransiya Ukrainaning qurolsizlantirilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi

20:14 / 10.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi

23:34 / 07.03.2025