Jahon | 12:30
6386
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashviliga 9 yil qamoq jazosi berildi

U budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblangan. Siyosatchi 2021 yildan buyon bankir Sandro Girgvlianining qotillarini afv etish va deputat Valeri Gelashvilini kaltaklash ishi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Yangi hukm uning qamoq jazosini uch yilga uzaytirdi.

Tbilisi sudi Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qildi. Saakshvili budjet mablag‘larini katta miqdorda talon-toroj qilishda aybdor deb topildi. Ishni Tbilisi shahar sudi ko‘rib chiqdi.

Saakashvilidan tashqari, «pidjaklar ishi» deb nomlanuvchi ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida Maxsus qo‘riqlash xizmati sobiq boshlig‘i Teymuraz Janashiya ham ishtirok etgan. Sudlanuvchilar 2009-2012 yillarda to‘qqiz million lari miqdoridagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda (avtomobillar ijarasi, mehmonxona, kiyim, kosmetik xizmatlar kabilarga) ayblangan. Sud Janashiyani mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi va 300 ming lari miqdorida jarimaga tortdi.

Saakashvili va Janashiya ilgari ham bir necha bor ayblovlarni rad etib, jarayon siyosiy xarakterga ega ekanini ta’kidlagan edi.

Saakashvili 2003 yilgi Atirgul inqilobi natijasida hokimiyatga kelgan va 2013 yilgacha Gurjistonga prezidentlik qilgandi. U chet elda, xususan Ukrainada bir muddat yashagandan so‘ng 2021 yilda mamlakatga qaytgandi. U o‘shanda 2007 yilgi aksiyani tarqatish chog‘ida o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, davlat budjetini talon-toroj etish va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanib hibsga olingan. Yetti oy o‘tgach, u Vivamedi klinikasiga tekshiruvlar uchun davolanishga yuborilgan — u hali ham o‘sha yerda.

Siyosatchi 2021 yildan buyon bankir Sandro Girgvlianining qotillarini afv etish va deputat Valeri Gelashvilini kaltaklash ishi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Yangi hukm uning qamoq jazosini uch yilga uzaytirdi, deb xabar bermoqda Mtavari TV.

Mavzuga oid