Jahon | 22:06 / 13.03.2025
2295
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiylari Xitoyga qurollar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni sotgani ma’lum bo‘ldi

Amerikalik xitoylardan uch nafari Xitoy agentlariga maxfiy ma’lumotlarni 50 ming dollargacha bo‘lgan qiymatda sotganlikda ayblanib hibsga olindi.

Foto: Air Force Staff Sgt. Joseph Pick

AQSh armiyasining harbiy xizmatchilari o‘z tashabbusi bilan M142 HIMARS raketa artilleriyasi, shuningdek, Bradley va Stryker zirhli mashinalari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni Xitoy razvedkasiga arzimagan pulga sotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Task&Purpose portali tergov materiallariga tayanib yozdi.

Qayd etilishicha, serjant Jan Chjao va leytenant Li Tyan Vashington shtatidagi Lyuis-Makkord havo kuchlari bazasida xizmat qilgan. Shuningdek, 2013 yildan 2017 yilgacha askar bo‘lib xizmat qilgan Ruoyu Duan ham jinoyat ishiga jalb qilingan. Uchalasi ham o‘tgan hafta Xitoy agentlariga maxfiy ma’lumotlarni 50 ming dollargacha bo‘lgan qiymatda sotganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Jan Chjao maxfiy materiallarni Xitoyda yashovchi tanishiga pul evaziga yetkazib bergan. Chjao HIMARS raketa tizimi va AQSh armiyasining Tinch okeanidagi mintaqaviy ittifoqchilar bilan o‘tkazgan mashqlari haqidagi maxfiy va o‘ta maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 20 ta kompyuter diski uchun taxminan 15 ming dollar olgan. Bundan tashqari, ayblov hujjatlariga ko‘ra, uning o‘zi Xitoydagi vositachiga ushbu ma’lumot uchun xaridor topishni buyurgan. Shu bilan birga, Chjao maxfiy ma’lumotlarni olish qiyinligini aytib, mukofot miqdorini oshirishga harakat qilgan.

Harbiy bazada sog‘liqni saqlash bo‘yicha ma’mur bo‘lgan leytenant Li Tyan Xitoy razvedkasiga Bradley va Stryker jangovar mashinalari haqidagi maxfiy materiallarni uzatgan. Bundan tashqari, ishga Ruoyu Duanni ham jalb qilgan va «xizmat haqiga» atigi 500 dollar olgan. Duan bu hujjatlarni Pekinga 38500 dollarga sotgan. Tranzaksiyalar 2021 yil noyabridan 2024 yil dekabriga qadar amalga oshirilgan.

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, Chjao va Duan Oregon shtati federal sudida 2021 yilning noyabridan 2024 yilning dekabrigacha bo‘lgan davrda poraxo‘rlik va davlat mulkini o‘g‘irlash maqsadida til biriktirganlikda ayblangan.

Armiya kontrrazvedkasi qo‘mondoni, general Rett R. Koks so‘zlariga ko‘ra, ushbu hodisa «harbiylar to‘qnash kelayotgan va o‘sib borayotgan xorijiy razvedka tahdidini ta’kidlaydi». General harbiylarni «hushyorlikni oshirishga» va har qanday shubhali faoliyat haqida xabar berishga chaqirdi.

Mavzuga oid