Jahon | 20:21 / 13.03.2025
1039
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston va Ozarboyjon tinchlik bitimi loyihasini kelishib oldi

TIV rahbari Jayhun Bayramovga ko‘ra, Armaniston bitimning kelishilmagan oxirgi ikkita bandi bo‘yicha Ozarboyjon tomonining taklifini qabul qilgan.

Foto: Getty images

Armaniston va Ozarboyjon vakillari muzokaralarni yakunlab, tinchlik bitimi matnini kelishib oldi. Bu haqda har ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari ma’lum qildi.

Ozarboyjon TIV rahbari Jayhun Bayramovning ma’lum qilishicha, Armaniston bitimning kelishilmagan oxirgi ikkita bandi bo‘yicha Ozarboyjon tomonining taklifini qabul qilgan.

«Bokuning keyingi bosqichdagi kutilmalari quyidagicha — Armaniston o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishi kerak, chunki unda hali ham Ozarboyjonga nisbatan hududiy da’volar mavjud», — deydi vazir.

Yerevan o‘z navbatida hujjatni imzolash joyi va vaqtini belgilash bo‘yicha Boku bilan maslahatlashuvlarni boshlashga tayyorligini tasdiqladi.

Armaniston va Ozarboyjon 2023 yildan beri tinchlik bitimini imzolashga urinmoqda. 2025 yil fevralda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonlar tinchlik sulhining 17 ta bandidan 15 tasini kelishib olganini ma’lum qilgandi. Kelishilmagan bandlar xalqaro sud instansiyalarida o‘zaro da’volardan voz kechish va chegara hududida uchinchi kuchlarni joylashtirmaslik masalalari edi. O‘sha paytda u Yerevan va Boku o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashishi uchun asos ko‘rmayotganini bildirgandi.

Ozarboyjon tinchlik bitimi doirasida Armaniston o‘z Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishini talab qilmoqda. Unda Armaniston Oliy kengashi 1990 yil 23 avgustda qabul qilgan mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya boshida o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan.

Mavzuga oid