Jamiyat | 10:30
4051
7 daqiqa o‘qiladi

“Maktabda raqobat borligi uchun kuchliroq o‘qidim” – Chikago universitetiga to‘liq grant yutgan ilk o‘zbek yigiti

17 yoshli Asilbek Ashurov Guliston shahridagi prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi. U 2025 yil boshida Chikago universitetiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Asilbekka o‘qish xarajatlari uchun ajratiladigan grant miqdori 420 ming dollarga teng. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Asilbek top oliygohga kirish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rgani va grant yutish bo‘yicha shaxsiy layfhaklari haqida so‘zlab berdi.

Asilbek Ashurov Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida oddiy oilada tug‘ilib o‘sgan. 8-sinfgacha tumandagi 8-umumta’lim maktabida o‘qigan. Keyinchalik Guliston shahridagi prezident maktabiga qabul qilingan. Uning aytishicha, mazkur ta’lim dargohidagi yuqori talab va o‘quvchilarning kuchli intilishi uni o‘z ustida qattiqroq ishlashga undagan.

Prezident maktabida o‘qiyotgan tengdoshlarim bilimga chanqoq edi. Ulardan orqada qolib ketmaslik uchun tinimsiz o‘qishim kerakligini tushundim va o‘z oldimga aniq maqsadlar qo‘yib, harakat qila boshladim. Dam olish kunlari uyga kelganda ham kitob va noutbukdan bosh ko‘tarmay dars qilardim. Oila a’zolarim bilan vaqt o‘tkazishga deyarli fursat bo‘lmasdi. Chunki top universitetlarga kirish uchun nafaqat atrofimdagilardan kuchli bo‘lish, balki xalqaro miqyosda raqobatbardosh nomzod sifatida shakllanish ham talab etilar edi”, – deydi Asilbek.

Asilbek 9-sinfdayoq IELTS’dan 7,5 ball, 10-sinfda SAT’dan 1540 ballni qo‘lga kiritgan. U mazkur natijalarga alohida o‘quv kurslariga qatnamay, mustaqil tarzda tayyorgarlik ko‘rish orqali erishganini ta’kidlaydi:

“Prezident maktabida har bir sinfda 12 ta bola o‘qiydi va ularga 4 tadan o‘qituvchi biriktiriladi, 2 tasi malakali, bittasi mahalliy va bittasi xalqaro o‘qituvchi toifasiga ega bo‘ladi. Darslar Cambridge xalqaro dasturi asosida o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Bu esa o‘quvchilarga xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarni olish imkoniyatini yaratadi. Ingliz tili va mantiqiy fikrlash bo‘yicha maktabda yaxshi baza to‘plaganim bois, IELTS va SAT uchun alohida repetitorga borib, tayyorlanmaganman. Bilimlarimni Cambridge IELTS kitoblari va YouTube’dagi darsliklar, qo‘llanmalar orqali mustahkamlab, imtihonlardan o‘tganman”, – deydi u.

Asilbek o‘zining ta’lim sohasidagi yutuqlarida onasining qo‘llab-quvvatlashi va motivatsiyasi katta ahamiyatga egaligini aytadi:

Oilada uch farzandmiz. Onam har birimizning bilim olishimizga jiddiy yondashgan, ilmga muhabbatimni ham onam uyg‘otgan. Yaxshi baholar olgan paytimiz yoki kichik-kichik yutuqlarga erishganimizda ular har doim turli shirin so‘zlar bilan bizni rag‘batlantirib, sovg‘alar berardi, bundan kuch olib yanada yaxshiroq o‘qishga harakat qilardik ”, – deydi u.

Asilbek Xalqaro iqtisod olimpiadasida TOP 10 talik qatoridan joy olgan, “SteamCo” xalqaro matematika tanlovida oltin medal sohibi, Harvard xalqaro munosabatlar dasturi (HUIRSP) ishtirokchisi va Future leaders exchange (FLEX) dasturi g‘olibi bo‘lgan. O‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov boshchiligida chekka hududlardagi yosh tadbirkorlarga ajratilayotgan subsidiyalarning samaradorligi o‘rganilgan tadqiqotda yordamchi sifatida ishlagan.

Bundan tashqari, “SAT Makon” loyihasiga asos solib, xorijiy talabalarni SAT imtihoniga onlayn tarzda tayyorlaydigan platforma ishlab chiqqan. Mazkur dasturdan shu vaqtgacha 20 dan ortiq mamlakatdan 1000 dan ziyod o‘quvchi foydalangan.

Asilbek universitet tanlash va o‘qishga hujjat topshirishdan avval top oliygohlarda o‘qiyotgan talabalar intervyularini ko‘rib chiqib, izlanish o‘tkazgan. U biznes va iqtisod sohasiga qiziqqani uchun Chikago universitetini asosiy oliygoh sifatida tanlagan. Mazkur universitet aynan ushbu yo‘nalish bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turadi.

“Nufuzli oliygohlar nomzodning faqat akademik bilimiga emas, balki uning universitet qadriyatlariga mos kelishiga ham e’tibor qaratadi. O‘ta kuchli nomzod bo‘lsangiz-u, universitet talablariga javob bera olmasangiz, oliygohga qabul qilinmasligingiz mumkin. Shuning uchun hujjat topshirishdan avval universitetlar haqida chuqurroq izlanib, akademik yo‘nalishingiz va qiziqishingiz, qiladigan loyihalaringizga mos keladiganini tanlash kerak”, – deydi u.

Asilbek Chikago universitetidan 420 ming dollarlik to‘liq grantni qo‘lga kiritdi. Bu grant uning o‘qish kontrakti, kitoblar, turar joy, sug‘urta, oziq-ovqat, yo‘lkira va O‘zbekistonga kelib-ketish kabi barcha xarajatlarini qoplaydi.

Universitet meni qabul qilmaydi deb o‘ylagandim, to‘g‘risi. Sababi hujjat topshirish jarayonida o‘zim haqimda video-taqdimot tayyorlab yuborishim so‘ralgandi, biroz uyalchang bo‘lganim bois uni qilmagandim. Odatda, Chikago universiteti to‘liq grantni juda kam talabaga beradi, uni qo‘lga kiritganim o‘qishni davom ettirishim uchun meni o‘ylantirayotgan moliyaviy to‘siq masalasini bartaraf etdi. Negaki, AQShga o‘qishga ketgan talabalar u yerda yashash xarajatlarining qimmatligi tufayli o‘qishini tashlab, ishlashga majbur bo‘lishganini bir necha marta eshitgandim”, – deydi u.

Asilbek Chikago universitetining bakalavriat bosqichiga O‘zbekiston fuqarosi sifatida o‘qishga qabul qilingan va to‘liq grantni qo‘lga kiritgan birinchi talaba bo‘ldi. Magistratura bosqichida esa bu oliygohda asli o‘zbek hisoblangan, ammo Amerika fuqarosi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 3 nafar talaba tahsil olmoqda.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid