O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolaydi
Ushbu hujjat joriy yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida uch mamlakat yetakchilari tomonidan imzolanadi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi shartnomani imzolaydi. Bu haqda Imomali Rahmon Bishkekka tashrifi davomida ma’lum qildi.
«Tojik—qirg‘iz chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi bilan biz Sadir Japarov bilan tez orada Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga kelishib oldik», — deydi Tojikiston yetakchisi.
Ushbu hujjat joriy yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida uch mamlakat yetakchilari tomonidan imzolanadi.
Davlat tashrifi bilan Bishkekka borgan Imomali Rahmon Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu hujjat davlatlararo har tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganidan keyin Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari onlayn rejimda ikki mamlakat chegaralaridagi nazorat-o‘tkazish punktlarini ochib berdi. 14 martdan mamlakatlar aviaqatnovlarni ham tiklaydi.
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara 2021 yilning may oyidan beri yopiq. Bu Qirg‘iziston tomoni qarori bilan aprel oyida ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokida yuz bergan va o‘nlab odamlar halok bo‘lgan qurolli to‘qnashuvdan keyin sodir bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yili O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasida xuddi shunday shartnoma imzolangan edi.
Mavzuga oid

19:54
O‘zbekiston va Fransiya strategik sherik bo‘ldi. Maqsadlar va manfaatlar nima?

16:40
Tojikiston va Qirg‘iziston chegara bo‘yicha shartnoma imzoladi, aviaqatnovlarni tiklashga kelishdi

10:57
“O‘zbekistonning seysmik hududlarida zilzilaga sharoit yetilgan” – mutaxassis

18:01 / 12.03.2025