Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berildi
Shavkat Mirziyoyev Parij meri bilan uchrashdi. Uchrashuvda Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.

Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi, shuningdek, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Ann Idalgo O‘zbekiston rahbariga olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashda ko‘rsatilgan yordam uchun tashakkur bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining ushbu tashrifi tarixiy natijalar bilan yakunlangani – ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshkent va Parij o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shaharsozlikni rejalashtirish, «yashil» hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev va Parij meri O‘zbekiston prezidenti faxriy mehmon sifatida Parij shahrida bo‘lgani to‘g‘risida qo‘shma hujjatni imzoladi. Ushbu esdalik yorlig‘i meriya muzeyida namoyish etiladi.
Mavzuga oid

17:31 / 19.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga jo‘nab ketdi

16:02 / 19.05.2025
Prezidentga qurilish materiallari tarmog‘idagi rejalar taqdimot qilindi

15:28 / 19.05.2025
Surxondaryoda 11 nafar o‘qituvchi 2 ming dollardan ko‘p maosh olayotgani aytildi. Prezident buni Britaniya bilan taqqosladi

19:35 / 16.05.2025