Jahon | 17:19 / 13.03.2025
1466
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha prezidenti yana bir bor AQShni yadroviy qurollarini o‘z mamlakati hududiga joylashtirishga chaqirdi

Prezident Anjyey Duda ushbu taklifni Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan muhokama qilgan.

Foto: AFP/Getty Images

Polsha prezidenti Anjyey Duda AQShni Rossiya tajovuzini tiyib turuvchi omil sifatida yadroviy kallaklarini o‘z mamlakati hududiga joylashtirishga chaqirdi, deb yozmoqda Financial Times.

«NATO chegaralari 1999 yilda sharq tomon siljidi, shu bois 26 yil o‘tib, NATO infratuzilmalari ham sharq tomonga ko‘chirilishi kerak», — deydi Duda.

Dudaning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu taklifni Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan muhokama qilgan. «Buning nafaqat vaqti keldi deb o‘ylayman, balki ushbu qurol shu yerda bo‘lganida xavfsizroq bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qilgan Anjyey Duda.

Polsha prezidentining fikricha, qarorni Donald Tramp qabul qilishi kerak, ammo Duda Vladimir Putinning Rossiya yadroviy qurolini Belarus hududiga joylashtirishni va’da qilgani to‘g‘risidagi bayonotini eslatib o‘tdi. «Rossiya o‘zining yadroviy qurolini Belarusga joylashtirishda hatto o‘ylanib ham o‘tirmadi. Ular hech kimdan ruxsat so‘ramadi», — deydi Duda.

FT’ning qayd etishicha, Dudaning iltimosi Moskvada provokatsiya sifatida qabul qilinadi. Rossiya chegarasi yaqinida yadroviy qurol joylashtirilishini Kreml jiddiy tahdid sifatida qabul qiladi.

2023 yil martda Vladimir Putin Rossiya Belarusning so‘roviga ko‘ra, o‘zining taktik yadroviy qurollarini respublikaga joylashtirishini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Minsk yadroviy zaryadlar bo‘yicha nazoratga ega bo‘lmaydi.

Polsha oxirgi yillarda bir necha bor Amerika yadroviy qurollarini o‘z hududiga joylashtirishga tayyor ekanini ta’kidlab keladi. Dudaning bunday taklifi Jo Bayden prezidentligi davrida ham bildirilgan. Shu bilan birga, Polsha NATOning Nuclear Sharing dasturiga ham qo‘shilishga tayyorligini bildirgan — uning doirasida AQSh 1954 yildan beri o‘z yadroviy qurollarini Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Niderlandiya, Gretsiya va Belgiyaga joylashtirgan. Ammo 1997 yilda Rossiya va NATO o‘rtasida imzolangan hujjatga ko‘ra, alyans «yadroviy qurollarini yangi a’zolari hududiga joylashtirishni rejalashtirmasligi» belgilangan.

Mavzuga oid