Jahon | 03:16
9365
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukraina Qurolli kuchlari hujumidan beri birinchi marta Kursk oblastiga bordi

Rossiya prezidenti u yerda joylashgan qo‘mondonlik punktlaridan birida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Putin asirga olingan barcha ukrainalik harbiylarga «terrorchi sifatida» munosabatda bo‘lish kerakligini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlari mintaqada operatsiyasi boshlaganidan beri birinchi marta Kursk oblastiga bordi, deb xabar beradi TASS.

Kremlning ma’lum qilishicha, Putin 12 mart kuni Kursk qo‘shinlari guruhi qo‘mondonlik punktlaridan birida yig‘ilish o‘tkazgan. U qayerda joylashganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya davlat agentligi kamuflyaj kiyib olgan RF prezidenti Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning hisobotini tinglagan videoni e’lon qildi. Yig‘ilishda olingan kadrlar «Rossiya-24» telekanali orqali efirga ham uzatilgan.

Yig‘ilish davomida Gerasimov rossiyalik harbiylar Kursk oblastidagi yurishlari davomida ming kilometr kvadratdan ortiq maydonni egallaganini ma’lum qildi. Xususan, oxirgi besh kunda mintaqadagi 24 ta aholi punkti ozod etilgan. Bundan tashqari, rossiyalik harbiylar chegaraning alohida hududlarida Sumi oblastiga ham kirib borgan.

Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, Kursk oblastidagi Ukraina Qurolli kuchlari «izolyatsiya qilingan» va ularni «rejali yo‘q qilish ishlari davom etmoqda». RF Bosh shtabi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, ukrain armiyasi mintaqada 67 mingdan ortiq harbiy xizmatchisidan ayrilgan.

Bunga javoban Putin «qisqa muddatda dushmanni yakson qilish va Kursk oblastining butun hududini ozod etish vazifasini qo‘ygan». Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda Kursk oblasti davlat chegarasida xavfsizlik zonasini yaratish haqida o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.

RF prezidenti Kursk oblastida asirga tushgan barcha ukrainalik harbiylarga «terrorchi sifatida» munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

«Hozirgina Valeriy Vasilevich [Gerasimov] asirga olingalarni eslab o‘tdi. Biz birinchi navbatda, Rossiya qonunlaridan kelib chiqib, bu insonlarga terrorchi sifatida munosabatda bo‘lishimiz kerak. Biz barcha odamlarga insoniy munosabatdamiz va kelajakda ham shunday bo‘lishi lozim. Bizning qo‘limizga tushib qolgan barchaga nisbatan. Shu bilan birga, ham eslatib o‘tmoqchimanki, chet ellik yollanma askarlar harbiy asirlar bilan muomala qilish to‘g‘risidagi 1949 yilgi Jyeneva konvensiyasiga kirmaydi», — deydi Putin.

UQK 2024 yil avgust oyida uyushtirgan hujumi natijasida Kursk oblastining qator aholi punktlarini egallab olgandi. AQSh Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini berishni to‘xtatgach, mart oyida RF qo‘shinlari ushbu aholi punktilarining ba’zilarini qaytarib oldi. 

Eslatib o‘tamiz, 12 mart kuni ertalab Rossiyadagi urushni yoqlovchi telegram-kanallarda Sudja markazida Rossiya bayrog‘ini o‘rnatayotgan harbiylar aks etgan videolar tarqaldi. Conflict Intelligence Team surishtiruv loyihasi asoschisi Ruslan Leviyev ham «amalda hozirning o‘zidayoq butun Sudja shahri Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi, deyish mumkinligi»ni aytib, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari o‘z pozitsiyalarini uyushgan tarzda tark etayotgani va ruslar hududlarni deyarli jangsiz qaytarib olayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid