Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qildi
O‘zbekiston tomonidan unga bosh vazir rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuv iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilishi mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Parij shahriga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari bo‘yicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, MEDEF International rahbari — Orano Mining kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Fransiya biznesi tomonidan SUEZ, Veolia, Total, EDF, Voltalia, Orano, Meridiam, Saint-Gobain, Imerys, Natixis, Societe Generale, BPI France, Airbus, MND, Eiffage, Schneider Electric, Total Energies, Alstom, Technip Energies, Egis, ADP Group, Ellipse Projecs, Assystem, ATR va boshqa kompaniyalar qatnashdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tgan samarali muzokaralarni yuksak baholab, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish haqida tarixiy qaror qabul qilindi. Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
Fransiya ishbilarmon doiralari vakillariga Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston prezidenti Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Fransiya kompaniyalari bilan 2027 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan.
Davlat rahbari muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalarni O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Energetikada energiya ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, O‘zbekiston hududlarida suv xo‘jaligi, kommunal, turizm, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.
«Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qilaman. Biz tomondan unga O‘zbekiston bosh vaziri rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazishimiz mumkin. Barchangizni tashkil etilayotgan kengashning to‘la huquqli a’zosi sifatida bo‘lajak tadbirda faol ishtirok etishga taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘z navbatida, Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildi. Prezident ishbilarmon doiralar vakillariga muvaffaqiyatlar tilab, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlanadigan “yo‘l xaritalari” asosida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid

22:40 / 12.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi

22:07 / 12.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

20:12 / 12.03.2025
Parijda O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi - foto

14:46 / 12.03.2025