“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
Oxirgi paytlarda xitoyliklar O‘zbekistonni egallab olayotgani, yerga hamda bozorga da’vogarlik qilayotgani xususida axborot ko‘payib, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida keng muhokama qilinmoqda. Kun.uz suhbatlashgan siyosiy tahlilchilar fikricha, bunday informatsion urush tashkilotchilari butunlay boshqa davlatda o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi kuchlar ham bor, deydi siyosatshunoslar.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. Masalan, 2025 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, respublikada jami 3 467 ta Xitoy kompaniyalari mavjud. Bu 2024 yil bilan solishtirganda 43 foizga ko‘p degani. Boshqa davlatlar bilan taqqoslansa, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va AQShning o‘nlab tashkilotlari yopilgan bir davrda Xitoyniki ko‘paygan. Biroq Pekinning dunyodagi siyosiy-iqtisodiy gigant roli hisobga olinsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan statusida bu jiddiy muammo uyg‘otmaydi, milliy manfaatlarga mos keladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar hamda jamoatchilik orasida Xitoy fuqarolari mamlakatimizda tubdan ko‘paygani, xitoycha oshxona, restoran, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari-yu, savdo nuqtalari soni oshayotgani haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Ayniqsa, biznes doiralar vakillari, tadbirkorlar bozori sinishini aytib, xitoyliklarga qarshi birlashishga chorlovchi videolarni e’lon qilmoqda. Xo‘sh, tarmoqdagi “Xitoy xavfi” qanchalik real?
Siyosatshunos professor Sayfiddin Jo‘rayevga ko‘ra, Xitoy – xavf emas. Dunyoning eng gigant davlatlaridan biri yonimizda, Xitoy bilan aloqa qilmasak, oyga chiqishimiz kerakmi, deydi u.
“Markaziy Osiyo shimoldan Rossiya, sharqdan Xitoy, janubdan Pokiston va Hindiston, Eron va shu kabi katta davlatlar qurshovida. Bu mamlakatlar bilan aloqalar bo‘lishi – tabiiy. Xitoy esa eng katta savdo hamkor, dunyoda iqtisodi 2-o‘rinda turibdi, yaqin orada 1-o‘ringa chiqadi. Xitoy xavf emas, biz uchun imkoniyatlar davlati” – Sayfiddin Jo‘rayev, siyosatshunos
Siyosiy tahlilchi Anvar Mirkomilovga ko‘ra, xitoyliklarning milliy bog‘da o‘tkazgan korporativ tadbiri hamma gap-so‘zlarni boshlab berdi.
“Milliy bog‘da Xitoy kompaniyasining o‘tkazgan yugurish marshidan so‘ng shu gap-so‘zlar boshlandi. Tarmoqda ular yerlarimizni egallab olayotgani haqida ham muhokama ketmoqda. Lekin Yer kodeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda yerlar chet elliklarga sotilmaydi. Aslida bizda yerdan foydalanish mumkin xolos. Chunki u davlatniki” – Anvar Mirkomilov, siyosatshunos
Tarmoqdagi yondashuvlar – “xitoylashuv effekti”ga ulanib, asosiy maqsad xalqni xitoy yozuvi va madaniyatiga moslashtirish ekaniga urg‘u berilmoqda. Norasmiy manbalardagi videolarda esa yurtdoshlarimiz “xitoyliklar do‘st emas” ekani, ularning maqsadi “narxlarni sindirish, o‘z monopoliyasini o‘rnatish hamda milliy bozorni egallash”ni aytmoqda. Siyosiy tahlilchilar fikricha, bu masala propagandaga aylandi va axborot urushi fonida ishlash doimgidan-da qiyin. Bu kayfiyatni endi yo‘qotib bo‘lmaydi, kuchayib boraveradi, deydi professor Sayfiddin Jo‘rayev.
“Xalqaro munosabatlarda hamma narsa tenglik va manfaat ustiga quriladi. Xitoy shunchalik katta bo‘lmasin, qiynalmoqda. O‘zining tovarlarini G‘arbga va asosiy bozorlarga yo‘naltirish uchun Markaziy Osiyo juda muhim” - Sayfiddin Jo‘rayev, siyosatshunos
Anvar Mirkomil fikricha, O‘zbekiston bosh vaziri matbuot kotibining aholini ortiqcha xavotir va manipulyatsiyaga berilmaslik chaqirig‘i – yaxshi qadam bo‘ldi. Lekin o‘z vaqtida shu ishni, dunyo bilan aloqalarni mas’ul idora – TIV va uning matbuot xizmati qilganida gap-so‘zlar bu qadar ko‘p tarqalmasdi. Biroq professor Jo‘rayev masala ichki ahamiyatga ega ekani va muammoni “registratsiya qilmaslik” uchun vazirlik jim turganini oqladi.
Bundan tashqari, BMT doirasidagi O‘zbekiston-Xitoy aloqalari tilga olinib, ikki davlat pozitsiyalari bir-biriga yaqin ekani qo‘shimcha qilindi. Toshkent o‘ndan ortiq rezolyutsiyalarga mualliflik qildi, Pekin esa bu tashabbuslarni qo‘lladi, ijobiy ovoz berdi, deydi suhbatdoshlar.
Xitoy dunyoning deyarli barcha mamlakatlari bilan aloqada, biroq yaqin tarix Pekinga bog‘lanib qolgan kambag‘al va rivojlanayotgan davlatlar taqdirini yaqqol ko‘rsatadi. Yer ijarasi, iqtisodiy diplomatiya siyosati natijalari va qarzdorlik ma’lum ma’noda o‘sha davlatlarni Xitoyga qaram qilgan. O‘zbekiston ham bu xavfdan xoli emas, vaholanki oxirgi yillarda Pekin Toshkentning birlamchi iqtisodiy sherigiga aylangan. Ammo siyosatshunoslarga ko‘ra, ikki davlat aloqalari tenglikka asoslangan. Har bir kelishuv ortida shartnomalar turadi, fors-major holatlarda shu hujjatlar gapiradi, deydi ular.
Suhbatning to‘liq variantini Kun.uzʼning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid

22:06 / 13.03.2025
AQSh harbiylari Xitoyga qurollar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni sotgani ma’lum bo‘ldi

18:16 / 12.03.2025
WSJ: Xitoy harbiy potensialini oshirish uchun okean tubini faol o‘rganmoqda

15:39 / 11.03.2025
Xitoy AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlar joriy qildi

12:02 / 11.03.2025