Putin: Rossiya Trampning iltimosiga binoan Kursk oblastidagi ukrainalik harbiylarining hayotini saqlab qolishga tayyor
Rossiya prezidenti buning uchun Kiyev ularga taslim bo‘lishni buyurishi kerakligini aytdi. O‘z navbatida UQK Bosh shtabi Kurskda ukrainalik harbiylar qurshovda qolgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Foto: Reuters
Vladimir Putin Rossiya AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosiga ko‘ra, Kursk oblastida qolayotgan ukrainalik harbiylarning hayotini saqlab qolishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u RF Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi avvalida ta’kidlab o‘tdi.
«AQSh prezidentining chaqirig‘ini samarali amalga oshirish uchun Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati o‘z harbiy bo‘linmalariga qurollarni tashlash va taslim bo‘lish bo‘yicha tegishli buyruq berishi zarur», — dedi Putin.
Uning qayd etishicha, mazkur holatda ukrainalik harbiylarning hayoti saqlab qolinishi kafolatlanadi.
14 mart kuni Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga «minglab ukrainalik askarlar qurshovda qolgani» va u Putinga murojaat qilib, «ularning hayotini saqlab qolishni so‘rashi» haqida yozdi. Tramp frontning aynan qaysi hududi haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan, ammo u Rossiya qo‘shinlari muvaffaqiyatli hujum olib borayotgan Kursk oblastini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Kursk oblastidan olingan videolarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) mintaqadagi o‘zining aksariyat platsdarmidan chekingan. Ukraina armiyasi faqat «Sudja» chegara o‘tish punkti va uning atrofidagi bir nechta qishloqni nazorat qilmoqda. RF Qurolli kuchlarining dronlar zarbalari sabab ushbu hududdagi harbiylar ta’minoti qiyinlashgan bo‘lsada, ular qushovda qolmagan. UQK Bosh shtabi qurshov haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, buni siyosiy bosim deb atadi.
«Bizning askarlarimiz dushmanning hujum harakatlarini qaytarib, unga barcha turdagi qurollardan samarali o‘t ochmoqda. Joriy sutkaning boshidan beri Kursk yo‘nalishida 13 ta jangovar to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bo‘linmalarimiz qurshovga olinish tahdidi yo‘q», — deyiladi Bosh shtab xabarida.
O‘z navbatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kursk oblastidagi vaziyatga izoh berarkan, UQKning mazkur operatsiyasi o‘z maqsadiga erishganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, UQK Kursk oblastiga bostirib kirgani sabab Pokrovsk va Xarkiv yo‘nalishlari barqarorlashgan, dushmanga esa yana Pokrovskka tahdid qilish imkoniyatini topish «oson bo‘lmaydi».
Mavzuga oid

00:22
Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastidagi asosiy vazifasini bajarib bo‘ldi - Zelenskiy

21:48 / 14.03.2025
Siyosat va futbol: to‘p yana Trampda

20:18 / 14.03.2025
Tramp: «Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokara o‘tkazdik»

17:45 / 14.03.2025