Jahon | 21:48 / 14.03.2025
3950
5 daqiqa o‘qiladi

Siyosat va futbol: to‘p yana Trampda

Bugun siyosat va biroz futbol haqida gaplashamiz. Axir, bu ikki san’at bir-biriga juda o‘xshaydi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ar-Riyozda Ukraina delegatsiyasi bilan uchrashgach, Kiyev vaqtincha sulhga roziligi, endi gap Rossiyada qolganini aytdi-da bu holatni «to‘p endi Rossiya maydonida», deb izohladi. Siyosatda «to‘p endi falon tomonda» degan ibora juda ko‘p bo‘lmasa-da, har zamonda ishlatib turiladi. Janob Rubioning gapi ushbu ibora atrofida gaplashishimiz uchun yaxshigina infobahona bo‘ldi.

Putin «orqaga pas berdi»

Kecha Rossiya prezidenti Putin Moskvada do‘sti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida matbuot anjumani o‘tkazilib, unda Putin Rossiya 30 kunlik sulh taklifiga roziligi, «lekin nyuanslar borligini» aytdi. Putin AQSh va Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilmay, unga Rossiya qo‘yadigan shartlardagina ko‘namiz, dedi. Ya’ni ham ha, ham yo‘q, dedi.

Arabistondagi AQSh – Ukraina uchrashuvidan keyin Vashington Tramp hukumatga kelganidan so‘ng ilk marta Rossiyaga urushni tugatish haqida konkret hujjat ko‘rinishida taklif yubordi. Tramp shu vaqtgacha Ukrainani «dunyodagi barcha gunohlarda ayblab», Zelenskiyga jiddiy bosim qilayotgandi. Rubioning «to‘p endi Rossiyada» degan gapidan keyin ko‘pchilik endi Tramp Rossiyaga, xususan, Putinga bosim qiladi deb o‘ylay boshladi.

Bir qarashda bu taxminda mantiq bor, axir Tramp amalda Ukrainani urushni tugatishga ko‘ndirdi va bu borada Kiyevdan «dumaloq pechat urilgan spravka» ham oldi, qo‘pol qilib aytganda. Tabiiyki endi yurish navbati Putinda edi. Va bu chindan Trampning Putinga diplomatik bosimi bo‘ldi.

Biroq Putin eski siyosatchi. Tramp golf klub qurib yurgan 2000-yillarda Putin dunyodagi eng katta davlatga prezident bo‘lib, ungacha FSBni ham boshqarishga ulgurgandi. Hozir dunyo siyosatida undan tajribaliroq davlat rahbari yo‘q hisob.

Putin kechagi javobi bilan Trampning diplomatik bosimini o‘ziga qaytardi. Futbolchasiga aytganda to‘pni 3-4 marta oyog‘ida o‘ynatib, yana orqaga, Trampning o‘ziga pas berdi. Men o‘z yurishimni qildim, endi yana sizning navbatingiz, janob Tramp, dedi.

Uitkoff bilan uchrashuv

14 mart kuni kechga borib Moskvada Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Hozircha uchrashuv tafsilotlari aniq emas. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin Uitkoff orqali Trampga o‘z signallarini yetkazgan. Amerika tomonida uchrashuvga ehtiyotkor pozitivlik bilan qaralishi aytildi. Bu gaplarga qaraganda Putin va Uitkoffning uchrashuvi sovuqqina o‘tgan ko‘rinadi.

Siyosat o‘zgargan, futbol kabi

Demak, yana futbolga qaytamiz. So‘zimiz boshida siyosatni futbolga qiyosladik. Ayniqsa diplomatik muloqot vaqtida bu qiyos mos keladi. Chunki futbolda ham, siyosatda ham ikki tomon bir-birini, raqibini ko‘rib turadi, imkoniyatlarini bilgan holda kurashadi.

Lekin hozir dunyo futboli ham, siyosat ham o‘zgarib ketgan. Avvallari bir futbolchi maydon markazidan hammani aldab borib gol urgan, natijani individual mahorat hal qilib ketavergan. Lekin hozir futbolda nomlar hech narsani anglatmaydi. Maydonda kim ko‘p yugursa, o‘sha yutadi. Siyosat ham shunday. Avvallari nomi salobatli siyosatchilar gapi yuk bosib tortishuvlarni hal qilgan bo‘lishi mumkin. Hozir siyosatda ham nomlar hech narsani hal qilmaydi.

Aftidan 78 yoshli Tramp hamon avvalgi kabi nomlar barchasini hal qiladi, mening nomimdan borgan odam muammoni hal qilib keladi deb o‘ylayotgan ko‘rinadi. Lekin bunday emasligi ko‘rinib turibdi. Hozirgi kabi davom etadigan bo‘lsa, hali to‘p uzoq vaqt u tomondan bu tomonga borib kelaveradi. Bu yog‘i tiki-taka bo‘lib ketadi. Hozir tezroq kimdir to‘pni olib darvoza yaqiniga golli uzatma berishi kerak. Axir ikki tomonda ham yoshi katta to‘p tepgichlar, ular jarima maydoniga kirmay gol ura olmaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid