Jahon | 18:03 / 14.03.2025
3073
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Pentagonga Panama kanalini egallash bo‘yicha harbiy reja tayyorlashni buyurdi

AQShning yuqori martabali amaldorlarga ko‘ra, kanalning kuch bilan egallab olinishi Panama hukumatining Qo‘shma Shtatlar bilan qay darajada hamkorlik qilishga tayyorligi bilan bog‘liq.

Foto: Enea Lebrun/Reuters

Donald Tramp ma’muriyati Pentagon rasmiylaridan AQShning Panama kanaliga to‘siqsiz kirishini ta’minlash uchun «ishonchli harbiy variantlar» tayyorlashni so‘radi. Bunday so‘rov mamlakatning oliy rahbariyatiga yo‘llangan «Milliy mudofaa bo‘yicha vaqtinchalik strategik ko‘rsatmalar» nomli memorandumida keltirilgan bo‘lib, u AQShning strategik ustuvorligini tubdan qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi. Bu haqda hujjatni o‘rganib chiqqan CNN telekanali ma’lum qildi.

Memorandumdagi direktivalardan biriga ko‘ra, Pentagon «zudlik bilan» «AQShning harbiy va tijorat maqsadlarida Panama kanali orqali adolatli hamda to‘siqsiz foydalanishini ta’minlash uchun ishonchli harbiy variantlarni» taqdim etishi kerak. Memorandumda, shuningdek, AQSh qurolli kuchlarining «asosiy ustuvor vazifasi» mamlakatni himoya qilish ekani qayd etilgan bo‘lib, Pentagon har qanday shakldagi bosqinlar, jumladan, noqonuniy ommaviy migratsiya, giyohvand moddalar savdosi, kontrabanda va odam savdosiga qarshi kurashishga mas’ul. Shuningdek, unda noqonuniy migrantlarni Ichki xavfsizlik vazirligi bilan hamkorlikda deportatsiya qilish to‘g‘risida ham so‘z boradi.

CNN’ning ta’kidlashicha, Tramp harbiylarning e’tiborini chegaradagi operatsiyalarga yo‘naltirish niyatida ekanini aniq bildirgan va memorandumda bu yangi ma’muriyatning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.

Oldinroq NBC News Pentagon AQShning Panamadagi harbiy ishtirokini oshirish ssenariysini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida xabar bergandi. Ushbu chora Trampning Panama kanalini Vashington nazorati ostiga qaytarish strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan. Yuqori martabali amaldorlarga ko‘ra, kanalning kuch bilan egallab olinishi Panama hukumatining Qo‘shma Shtatlar bilan qay darajada hamkorlik qilishga tayyorligi bilan bog‘liq.

Kanalni «qaytarish» bo‘yicha harbiy ssenariyni ishlab chiqish buyrug‘i jiddiy bahslarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, o‘tgan hafta Panama prezidenti Xose Raul Mulino Trampni Kongress qarshisidagi chiqishi davomida yolg‘on so‘zlaganlikda aybladi: «Prezident Tramp yana yolg‘on gapiryapti. Panama kanali qaytarilish jarayonida emas va bu vazir Rubio yoki boshqalar bilan suhbatda muhokama qilgan masala emas», — deb yozgan X ijtimoiy tarmog‘iga.

Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Panama prezidenti Xose Raul Mulino va Pentagon rahbari Pit Xegset o‘rtasidagi muzokaralar natijasida tomonlar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgandi. «Ular Qo‘shma Shtatlar va Panama o‘rtasida mustahkam munosabatlar mavjudligi va xavfsizlik bo‘yicha ko‘plab manfaatlar, jumladan Panama kanalini himoya qilishda umumiy manfaatlar mavjudligi haqida kelishib oldi», — deyilgan edi AQSh Mudofaa vazirligi bayonotida.

Mavzuga oid