O‘zbekiston | 09:21
3927
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchilarni noqonuniy tashish bilan shug‘ullangan 108 mingdan ortiq haydovchiga chora ko‘rildi

O‘zbekistonda 2024 yilda o‘tkazilgan reydlarda yo‘lovchilarni noqonuniy tashish bilan shug‘ullangan 108 mingdan ortiq haydovchi aniqlangan. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2024 yilda noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan 108 mingdan ortiq haydovchiga nisbatan chora ko‘rilgan

Transport nazorati inspeksiyasi xabar qilishicha, 2024 yil davomida avtomobil va suv transportida nazoratni kuchaytirish maqsadida hududiy bo‘lim inspektorlari hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab 13 567 marotaba reyd-tadbirlar o‘tkazilgan.

Tadbirlar davomida avtomobil tashuvlari sohasida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga 116 106 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalariga asosan chora ko‘rildi:

  • 125−2-modda (Boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuklarni va (yoki) yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish) bo‘yicha — 809 ta;
  • 145-moddaning 2-bandi (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) bo‘yicha — 890 ta;
  • 165-moddaning 3−4-bandlari (Faoliyat bilan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shug‘ullanish) bo‘yicha — 5 658 ta;
  • 176−3-modda (Avtotransportda litsenziyasiz yo‘lovchi tashish) bo‘yicha — 97 997 ta;
  • 176−4-modda (Yo‘nalishsiz taksilarning jihozlanish talablarini buzish) bo‘yicha — 10 021 ta;
  • 198-modda (Hokimiyat vakilining qonuniy talabini bajarmaslik) bo‘yicha — 333 ta.

Ushbu huquqbuzarliklar bo‘yicha tegishli hujjatlar joylardagi jinoyat sudlariga yuborildi.

2023 yil bilan solishtirganda kabotaj tashuvlari bilan bog‘liq qonunbuzarliklar 77 foizga oshgan. Shu bilan birga, avtotransportda litsenziyasiz yo‘lovchi tashish holatlari esa 3 foizga kamaygan.

Yo‘lovchilarni noqonuniy tashish faoliyati bilan shug‘ullangan 108 018 nafar haydovchiga nisbatan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shundan 42 141 nafar haydovchi o‘z faoliyatini qonuniylashtirib, litsenziya olgan.

Mavzuga oid