O‘zbekiston | 16:16 / 15.03.2025
4787
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon xalqaro aeroportida aerodrom rekonstruksiyasining 1-bosqichi yakunlandi

Birinchi bosqich doirasida uzunligi 3300 metr, eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi. Endi bu aeroport Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qila oladi. Ikkinchi bosqichdagi ishlar davom etmoqda, aeroport tez orada ishga tushiriladi.

Foto: Uzbekistan Airports

Andijon xalqaro aeroporti aerodromi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi. 2025 yil 15 mart kuni aeroport Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Birinchi bosqich doirasida uzunligi 3300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.

Aerodrom qoplamasining yangi elementlari (uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va perron) betondan qurilgan. Bu aeroportga Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.

Aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom ettirilib, radar, meteorologik va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga perronda xizmat ko‘rsatish va tungi vaqtda hamda noqulay ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.

Andijon aeroporti aerodrom majmuasini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish munosabati bilan 2023 yil 1 aprel kuni yopilgan edi. Ta’kidlanishicha, aeroport tez orada ishga tushiriladi.

Mavzuga oid